Vinisius Juniorning kelajagi borasida qarama-qarshi xabarlar
Vinisius Juniorning "Arsenal"ga o'tishi haqidagi mish-mishlar va futbolchining "Real"dagi kelajagi borasida turli xabarlar tarqalmoqda.
📰 AS xabariga ko'ra, Vinisius Juniorning agentlari futbolchining "Arsenal"ga o'tishi borasida kelishuvga erishilganini rad etishdi. "Kanonirlar" ham 26 yoshli vinger bo'yicha "Real" bilan rasman bog'lanmagan.
Vinisiusning o'zi "Madrid"da qolishni istayotganini ta'kidlamoqda. Klub ham uni saqlab qolish niyatida va yangi shartnoma imzolashni kutmoqda. Braziliyalik futbolchi vaziyatga oydinlik kiritish uchun avval Joze Mourinyu, so'ngra klub rahbariyati bilan uchrashuv o'tkazadi. Shunga qaramay, agar futbolchi shartnomani uzaytirishdan bosh tortsa, "Madrid" uning ketishini istisno qilmayapti.
🖥 The Athletic (Kortegana) ma'lumotiga ko'ra, "Arsenal" rahbariyati Vinisius transferi uchun mablag' ajratdi. Inglizlar bir necha oydan beri hujumchini o'z loyihalariga ishontirish ustida ishlamoqda. "Arsenal" futbolchining vakillari bilan bog'lanib, o'z loyihasini tushuntirib bergan.
Arsenal Vinisiusga mahliyo bo'lib qolgan. Mikel Arteta braziliyalik futbolchini juda qadrlaydi va uni jamoada ko'rishdan xursand bo'lardi. "Arsenal" Vinisius uchun maoshlar tizimini o'zgartirishga ham tayyor. Inglizlar futbolchiga ulkan taklif bilan chiqish uchun imij huquqlari va shartnoma bonusi masalasida yon berishi mumkin.
"Arsenal"da Vinisiusga bo'lgan qiziqish juda yuqori. Ular braziliyalik futbolchining transferi APL tarixidagi eng yaxshisi bo'lishi mumkinligiga ishonishadi.
Mourinyu allaqachon Vinisius bilan bog'langan. U futbolchini o'z loyihasida ko'rishni istaydi. Biroq hujumchining kelajagi nafaqat portugaliyalik murabbiyga, balki Vinisiusning o'ziga va "Madrid" rahbariyatiga, birinchi navbatda Florentino Peresga bog'liq.