Barchasi Transfer Matbuot Umumiy ↔ Bog'langan

Super Liga yangiliklari

Super Liga

Aleksandr Xomyakov: Futbolchilar robot emas
PFC BUKHARA ↗ Matbuot

Aleksandr Xomyakov: Futbolchilar robot emas

Buxoro bosh murabbiyi Aleksandr Xomyakov o‘tgan uchrashuvdan so‘ng jamoaning jismoniy holati, tarkibdagi o‘zgarishlar va o‘yin uslubi haqida gapirdi.

Jamoamiz bosh murabbiy Aleksandr Xomyakovning uchrashuv haqida fikrlari:

Kutganimizdek, o‘yin juda og‘ir kechdi. Ayniqsa, bahsning so‘nggi daqiqalari juda keskin o‘tdi. Bu oson o‘yin bo‘lmasligini avvaldan bilardik. Yigitlarga rahmat aytaman. Ular uzoq vaqtdan keyin o‘z maydonimizda o‘ynashdi va muxlislarimizni xursand qilishni istashdi. Birinchi bo‘limda, ayniqsa uning boshlanishi va o‘rtalarida rejalashtirgan ishlarimizning ko‘pi amalga oshdi, yaxshi imkoniyatlar yaratdik. Ammo ikkinchi bo‘limda, ayniqsa o‘yin oxirida, son jihatidan ustun bo‘lishimizga qaramay, kelishilgan rejadan chetga chiqib ketdik. Hujum qilish o‘rniga hisobni saqlab qolishga harakat qilib, past blokda himoyalanishga o‘tib oldik. Yaxshiyamki, hisobni saqlab qolishga erishdik. Eng muhimi, bugun uch ochkoni qo‘lga kiritganimizdan xursandman.

— Bugungi g‘alaba bilan tabriklaymiz. Raqib bir kishi kam bo‘lib qolganidan keyin nega qarshi hujumlar kamayib ketdi? Bu hisobni saqlab qolish uchun qilingan taktika edimi yoki futbolchilar berilgan vazifani bajara olishmadimi? Qarshi hujumlarda tezlik yetishmadi, ko‘p holatlarda to‘pni ushlab qolish bilan cheklanishdi.

Ikkinchi bo‘lim boshlarida raqib darvozasi oldida imkoniyatlarimiz bo‘lmadi, deb aytolmayman. Lekin 60-daqiqalardan keyin jismoniy jihatdan kuch yetishmay qoldi. Raqibning zaxiradan tushgan futbolchilari o‘yinga yaxshi kirishdi va himoyamizga katta bosim o‘tkazishdi. Bizda esa zaxiradan tushgan futbolchilar o‘yin ritmiga to‘liq moslasha olishmadi va jamoaga kutilgan darajada yordam bera olishmadi. Shuning uchun ham aytamanki, bu juda og‘ir o‘yin bo‘ldi, oxirgi daqiqalari esa haqiqiy asab sinoviga aylandi. Afsuski, ikkinchi bo‘limda asosan himoyalanishga majbur bo‘ldik. Ammo eng muhimi — natijani saqlab qoldik. Hozirgi vaziyatda uch ochko olganimizdan mamnunman. Balki ayrim vaziyatlarda mahorat yetishmadi, ayrim paytlarda esa sabr kamlik qildi. Lekin futbolchilarning fidoyiligi har doimgidek yuqori darajada bo‘ldi. Ular bor kuchini maydonda qoldirishdi.

— Filipovichni qachon maydonda ko‘rishimiz mumkin? Uning jarohati haqida ham ma’lumot bersangiz.

Filipovich tiklanish jarayonini deyarli yakunladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, u to‘liq sog‘ayish arafasida va yaqin kunlarda jamoa mashg‘ulotlariga qaytadi. U tezroq safga qaytib, avvalgidek jamoaga yordam berishini umid qilyapmiz.

— Yaqinda Bashelaishvili jamoani tark etdi. Uning o‘rniga akademiyadan yana futbolchi jalb qilish imkoniyati bormi? Iqtidorli o‘yinchilar ko‘p, ammo hozircha faqat ikki nafar yosh futbolchiga imkoniyat berilmoqda. Buning sababi nimada?

Biz Bashelaishvili bilan shartnomani bekor qildik. Uning o‘rniga boshqa futbolchini jalb qilish masalasini hozircha ko‘rib chiqmayapmiz. Albatta, jamoani kuchaytirish uchun kamida yana bir-ikki nafar futbolchi kerakligini yaxshi tushunaman. Hozircha vaziyat shu.

— Jamoa nega 90 daqiqa davomida bir xil sur’atda o‘ynay olmayapti? Buning asosiy sababi nima, deb o‘ylaysiz?

O‘zi qaysi jamoa 90 daqiqa davomida bir xil tempda o‘ynay oladi? Buning iloji yo‘q. Biz kuchga asoslangan futbol o‘ynaymiz. Hozirgi iqlim va ob-havo sharoiti butun o‘yin davomida doimiy pressing va bosim o‘tkazish imkonini bermaydi. Qolaversa, «Lokomotiv»ga qarshi tinimsiz bosim bilan o‘ynash ham xavfli. Ular pressingdan yaxshi chiqib keta oladi va himoya ortida katta bo‘shliqlar qoldirishimizga sabab bo‘ladi. Bu esa katta tavakkalchilik. Faqat chiroyli futbol ko‘rsatish uchun ochilib o‘ynab, keyin o‘z darvozamiz oldida muammoga duch kelishning hech qanday ma’nosi yo‘q. Ayni paytda taqvim juda zich, ob-havo ham og‘ir. Futbolchilarni to‘liq tiklab olishga ulgurmayapmiz. Jarohatlar, charchoq — bularning hammasi to‘planib bormoqda. Amalda deyarli bir xil tarkib bilan o‘ynayapmiz. Futbolchilar robot emas, ular ham inson. Shuning uchun ulardan har doim bir xil darajadagi tempni talab qilish qiyin. Shu bois yana bir bor yigitlarga bugungi maydonda ko‘rsatgan fidoyiligi uchun minnatdorchilik bildiraman.

Super Liga

Surxon yangi futbolchilarni ro'yxatdan o'tkazdi
UzPFL ↗ Transfer

Surxon yangi futbolchilarni ro'yxatdan o'tkazdi

Surxon klubi AQShlik hujumchi hamda Oqtepa safida o'ynagan ikki futbolchini o'z tarkibiga qo'shib oldi.

🟡 Surxon klubi AQShlik hujumchini o'z safiga qo'shib oldi. Shuningdek, termizliklar birinchi davrani Oqtepa klubida o'tkazgan ikki futbolchini ham Liga ro'yxatidan o'tkazdi.

Murabbiy "Mash'al"ga qarshi o'yin va Doriyevning shartnomasi haqida

Murabbiy "Mash'al"ga qarshi o'yin va Doriyevning shartnomasi haqida

Murabbiy Mash'al ustidan qozonilgan g'alaba, hakamlar bilan bahs va legioner Doriyevning shartnomasi haqida fikr bildirdi.

— O‘yin biz uchun juda yaxshi boshlandi. Darhol gol urdik. Birinchi bo‘limda o‘yinni to‘liq nazorat qildik, ikkinchi bo‘limda ham vaziyatlar yaratishda davom etdik. Yana tezkor gol urildi, undan keyin uchinchi gol ham keldi va o‘ynash ancha yengillashdi.

Biz "Mash'al" jamoasini yaxshi o‘rgangan edik. O‘yindan oldin ularni tahlil qilganmiz. Ular qarshi hujumlarda, ayniqsa qanotlardan juda tez harakat qiladigan jamoa.

Ketma-ket ikkita mag‘lubiyatdan keyin bugungi g‘alaba futbolchilarga, avvalo, ruhiy jihatdan katta ishonch berdi. Bu natija turnir jadvalidagi holatimiz uchun ham muhim edi.

Shu sababli yigitlarni g‘alaba bilan tabriklayman va endi O‘zbekiston chempionati navbatdagi uchrashuviga tayyorgarlikni davom ettiramiz.

— Birinchi bo‘limda "Mash'al"ning ilk goli urilganda siz yon hakamga qattiq e'tiroz bildirdingiz. Hatto ogohlantirish ham oldingiz. Nima sababdan aynan yon hakamga bunchalik e'tiroz qildingiz?

Men vaziyatni shunday ko‘rdimki, "Mash'al"ning hujumi vaqtida ularning futbolchisi to‘pni qo‘li bilan o‘ynadi. Shu sababli o‘yin to‘xtatilishi kerak edi.

Ammo hakam o‘yinni davom ettirdi va natijada "Mash'al" gol urdi. Men hakamlarga aynan shuni aytdim: mening fikrimcha, to‘p futbolchining qo‘liga tekkan edi. Bu qoida buzilishi hisoblanadi, shuning uchun gol hisobga olinmasligi kerak edi. E'tirozimning sababi shu.

Yosh futbolchilarga imkoniyat berish masalasida, bugun ikki nafar yosh futbolchini maydonga so‘nggi 7–8 daqiqalarda tushirdingiz. Bu ularning o‘yin amaliyoti uchun kam emasmi?

Maydonga tushish uchun avvalo futbolchi bunga loyiq ekanini isbotlashi kerak. Kimning saviyasi qanday bo‘lsa, shunga yarasha imkoniyat oladi.

Bugun ayrim futbolchilarga dam berdik, ayrimlari ko‘proq vaqt o‘ynadi. Yosh futbolchilar esa kecha yoshlar jamoasi safida ham maydonga tushishgandi. Bu odatiy jarayon.

Albatta, har bir futbolchi ko‘proq vaqt o‘ynashni xohlaydi. Lekin vaziyat shundayki, har qanday xato golga sabab bo‘lishi mumkin. Futbolda esa bitta gol ham o‘yin taqdirini o‘zgartirib yuboradi.

Biz raqibni hurmat qilamiz, futbolni hurmat qilamiz. Shu sababli ortiqcha tavakkal qilmaymiz va futbolchilarga zarur bo‘lgan vaqtni beramiz.

— Doriyev bilan shartnoma qancha muddatga tuzilgan? U yangi mavsumda ham jamoada qoladimi?

Yaqinda uning shartnomasi uzaytirildi. Nazarimda, uch yoki to‘rt yilga. Aniq muddatini rahbariyat yaxshi biladi.

Bugungi o‘yinini o‘zingiz ham ko‘rdingiz. Uning mahorati, fidoyiligi, maydondagi ishtiyoqi juda yuqori.

U yosh futbolchilarimiz uchun haqiqiy o‘rnak. Legioner futbolchi qanday harakat qilishi kerakligini amalda ko‘rsatmoqda.

U gol uradi, jamoaga foyda keltiradi, samarali o‘ynaydi. Nafaqat o‘yini, balki ruhiy tomondan ham yosh futbolchilarga yordam beradi va ularning rivojlanishiga hissa qo‘shadi.

Shu sababli unga alohida minnatdorchilik bildiraman.