Anvar G'ofurov: G'alaba muxlislar mehnati evaziga qo'lga kiritildi
Surxon bosh murabbiyi Anvar G'ofurov Qo'qon-1912 jamoasiga qarshi o'yindan so'ng o'z fikrlari bilan o'rtoqlashdi.
— Uchrashuv haqida fikrlaringiz?
— Avvalo, bugungi g‘alaba bilan barcha muxlislarimizni tabriklayman. Har ikki jamoa uchun ham bu uchrashuv juda muhim edi, chunki ikkala jamoaga ham ochkolar zarur edi. Shu sababli maydonda kurashlarga boy va shiddatli o‘yin kechdi. Raqibimiz ham uchrashuvga puxta tayyorgarlik ko‘rganini namoyish etdi.
Futbolchilarimiz bugun bor kuch va imkoniyatlarini ishga solishdi. Ularning mehnati evaziga muhim uch ochkoni qo‘lga kiritdik. Albatta, hali ustida ishlashimiz kerak bo‘lgan jihatlar ko‘p. Oldinda yanada yaxshiroq o‘yin ko‘rsatish uchun mehnat qilishda davom etamiz. Fursatdan foydalanib, jamoamizni qo‘llab-quvvatlash uchun uzoq yo‘l bosib kelgan barcha muxlislarimizga samimiy minnatdorchilik bildiraman.
— O‘yindagi yagona gol muallifi Richard Fridayni almashtirishga nima sabab bo‘ldi? U yaxshi o‘yin namoyish etayotgan edi.
— Uchrashuv davomida maydondagi har bir futbolchining jismoniy holatini muntazam kuzatib boramiz. Richard ham o‘z vazifasini yaxshi bajardi, biroq o‘yinning o‘sha pallasida biroz charchagani sezildi.
Gol o‘tkazib yuborganidan keyin Qo‘qon jamoasi hujumkor o‘yinga o‘tdi va barcha kuchini oldinga tashladi. Biz esa qarshi hujumlardan unumli foydalanish va o‘yin tempini saqlab qolish maqsadida yangi kuchlarni maydonga tushirdik. Shu sababli Richardni almashtirishga qaror qildik. Bu individual qarordan ko‘ra, jamoaviy taktika va uchrashuvning borishidan kelib chiqqan qaror edi.