«Andijon» - «Paxtakor» (0:0) uchrashuvidan so'ng mezbonlar ustozi Islom Ahmedov matbuot anjumanida savollarga javob berdi.
O'yinni qiyin o'tishini bilardik. «Paxtakor» grand jamoa, tarkibida kuchli futbolchilar borligini bilamiz. Kuchli murabbiyga ega. Shuning uchun og'ir kechishini sezgandik, shunga qarab tayyorgarlik ko'rdik. O'z falsafamizdan kechmagan holda iloji boricha to'pni nazorat qilish, hujumkor o'yin ko'rsatishga harakat qildik. Baribir «Paxtakor» bunga qarshilik ko'rsatdi va biz xohlagandek o'yin ko'rsata olmadik. Raqib kuchli edi. O'z maydonimizda muxlislarimizni g'alaba bilan xursand qilishni istagandik. Lekin durang bo'lib qoldi.
- Bitta uchrashuvda ikkita qizil kartochka – bu tartib-intizom masalasida o'ylantiradigan holat. Bu bo'yicha qanday izoh berasiz?
Birinchi vaziyatga keladigan bo'lsak, himoyachimiz pas orqali vaziyatdan chiqib ketmoqchi edi. Buni o'zimiz o'yinchilarimizga tushuntiramiz. Ha, xato bo'ldi. Oxirgi folni qo'lladi. Bu yerda tajovuzkorlik yo'q edi. Bu vaziyatda o'zini to'xtata olmasligi ham mumkin, chunki u oxirgi himoyachi. Darvozaga to'p kirib ketishi mumkinligini o'ylagan holda o'z-o'zidan raqibni ushlab qolish holati bo'ladi. Ikkinchi vaziyatni oqlamagan bo'lardim. To'g'ri aytyapsiz, ko'rib chiqib tegishli chora ko'ramiz.
- Ko'pchilik yana Xamidullo Karimovdan gol kutgandi. Bu futbolchi belgilangan vaqtda tushmagandek tuyuldi. U haqida fikr bildirsangiz.
Avvalgi o'yinlarda Karimov o'yin oxirlarida maydonga tushayotgandi. Bugun esa biroz ertaroq maydonga tushirdim. Ko'proq vaqt bermoqchi bo'ldik. Lekin majburiy o'zgarishlar ham bo'ldi, jarohati sababli o'yinchimiz o'yinni oxirigacha davom ettira olmadi. Xohlaysizmi-yo'qmi, Xamidullo Karimovga qarshi milliy jamoa o'yinchisi o'ynadi. O'zini imkoniyatini ko'rsatish qiyin bo'ladi.
- Maydon markazini kuchaytirish maqsadida Shoxmalik Komilovni maydonga tushirsangiz bo'lmasmidi?
Bo'lardi. Ammo Shoxmalik jamoamizga yaqindagina qo'shildi. O'yin falsafamizni tushuntirib boryapmiz. Vaqti kelib, uni ham maydonga tushiramiz.
- Qanot himoyachisi Mahmud Maxamadjonov o'zini yaxshi tomondan ko'rsatayotgandi. Almashtirilishiga nima sabab bo'ldi?
Majburiy o'zgarish bo'ldi. Uning o'zi jarohati sababli zaxiraga olishimizni so'radi. Natijada almashtirishga majbur bo'ldik.
Izohlar (0)
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring.
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!