«Andijon»ning yangi himoyachisi Nodirxon Ne'matxonov jamoaga o'tishi, klubdagi sharoitlar va muxlislar haqida fikr bildirdi.
«Andijon» klubi yozgi transferlar vaqtida tarkibiga qo'shib olgan 25 yoshli himoyachi Nodirxon Ne'matxonov jamoaga moslashuv jarayoni va kelajakdagi maqsadlari haqida gapirib o'tdi.
«Andijon»ga qo'shilganimdan juda xursandman. Murabbiylar shtabi tomonidan menga taklif bo'ldi. Eng zo'r variant, o'zimga ham «Andijon» juda yoqadi. Birinchi navbatda muxlislari. Bunday ishqibozlari bor jamoada o'ynash har qanday futbolchining orzusi deb o'ylayman. Chunki bunday atmosferada futbolchi maza qiladi. O'ylab o'tirmasdan bu taklifga rozi bo'ldim.
Ne'matxonov klubdagi infratuzilma va mashg'ulotlar darajasiga yuqori baho berdi:
«Andijon» haqida menda ma'lumot bor edi. Ammo bu yerga kelib futbol uchun hamma sharoit borligini ko'rib o'zim ham hayron qoldim. O'zbekistonda futbol shunchalik o'sayotganiga yana amin bo'lyapman. Bu yerdagi bazada hamma narsa futbol uchun. Mashg'ulotlar professional darajada. Tiklanish jarayonlari, trenajyor zali, basseyn – hamma narsa zo'r.
Himoyachi jamoa safidagi tajribali futbolchilardan o'rganishga tayyorligini ham ta'kidladi:
Bu yerda futbolchilarning saviyasi juda yuqori. O'yindan-o'yinga hamma ochilib boryapti. O'zini nimaga qodirligini ko'rsatyapti. Menga bulardan o'rganadigan narsam ko'p. Islom To'xtaxo'jaev, Nemanya Chalasan kabi futbolchilar ancha tajribali himoyachilar. Ulardan ko'p narsa o'rganyapman, menga yoqyapti.
Andijon himoyachisi Nemanya Chalasan Paxtakorga qarshi o'yindagi qizil kartochka va jamoaning durang natijasi haqida gapirdi.
«Andijon»ning o'z maydonida «Paxtakor»ga qarshi o'tgan uchrashuvi shiddatli va keskin kurashlar ostida o'tdi, faqat gol yetishmadi. Qolaversa, qizil kartochkalar bilan ham yodda qoladigan bo'ldi. Mezbonlardan ikkita, mehmonlardan bir nafar o'yinchi maydondan chetlatildi.
Uchrashuvdagi dastlabki qizil kartochka «Andijon»ning serbiyalik himoyachisi Nemanya Chalasanga ko'rsatildi.
Futbolchi esa «Paxtakor»ga qarshi o'yin, qizil kartochka va stadiondagi muhit haqida intervyu berdi.
- Nemanya, o'yin sizda qanday taassurot qoldirdi?
- O'ylaymanki, agar biz maydonda 11 ga 11 bo'lib qolganimizda g'alaba qozonishimiz mumkin edi. Menda shunday ichki tuyg'u bor edi. Qolavresa, ishqibozlarimiz bizni faqat oldinga undashdi va ularning daldasi, ko'magida albatta gol kiritgan bo'lardik.
- O'yin chog'ida uch marta qizil kartochka ko'rsatildi, shulardan biri sizga. O'sha holatni qanday izohlab bergan bo'lardingiz?
- Men olgan qizil kartochkaga kelsak, to'pni maydon markazidagi Cheranga uzatmoqchi bo'ldim. Lekin raqib mening bu rejamni oldindan o'qidi va to'pni egallab oldi. Qo'limdan keladigan yagona ish – qoidani buzishdan iborat edi. Bu mening xatoim va jamoaga pand berib qo'yganimni yaxshi tushunib turibman. Martinga kelsak, u qizil kartochkaga munosib ish qilmagandi.
- Maydonda yuz bergan voqealardan kelib chiqib, xulosa qilsak, 0:0 natijasi o'yinga mos keladimi?
- Rostini aytsam, o'yin oxirida deyarli tengma-teng tarkib bilan to'p surganimizda bemalol bellashuvni yutgan bo'lardik. Boya aytganimdek, muxlislarimiz bizga g'alaba qozonishimizga yordam berishardi. Kamchilik bo'lib o'ynab, 0:0 hisobidagi durangga kelsak, buni yomon natija deb hisoblab bo'lmaydi. Natijadan ko'nglim to'ldi.
- Olgan qizil kartochkangiz faoliyatingizdagi nechanchisi?
- Men tez-tez qizil kartochka oladigan o'yinchilar sirasiga kirmayman. O'ylaymanki, agar xotiram pand bermayotgan bo'lsa, bu faoliyatimdagi uchinchi qizil kartochkadir.
- Stadiondagi muhit sizga yoqdimi?
- Stadiondagi muhit har doim ham qoyilmaqom darajada. Bu borada ishqibozlarimizga teng keladigani yo'q. Ularning bizga ko'rsatayotgan beqiyos darajadagi qo'llab-quvvatlashlari uchun katta rahmat aytaman.
- Birinchi davra nihoyasiga yetdi. Jamoaning ishtirokini qanday baholaysiz?
- Futbolda har doim o'sish va rivojlanish uchun joy qoladi. Mavsumning ikkinchi qismida xatolarimizni to'g'rilashimizga va yanada kuchliroq o'yin namoyish qilishga harakat qilamiz.
- Qizil kartochka olgan paytingizda ishqibozlar sizni qarsaklar bilan kuzatib qo'yishdi. Shundan so'ng kiyim xonaga yo'l oldingiz. Jamoani ozchilik bo'lib qoldirganingizdan va gol o'tkazib yuborish ehtimoli borligini o'ylab, bundan qay darajada qayg'urdingiz?
- Yashirmayman, men juda ham bundan qayg'urdim. Albatta, muxlislarning meni maydondan olqishlar bilan kuzatib qo'yishgani yuragimni to'lqinlantirib yubordi. Ularga buning uchun katta rahmat aytmoqchiman. Tabiiyki, jamoaga pand berib qo'yar ekansan, albatta bundan iztirobga tushasan. Ishqilib, durang natijani ushlab qolaylik, yutqazib qo'ymasak bo'ldi, degan fikr xayolimdan ketmadi.
- Qizil kartochka olganingizdan so'ng Boake ham ortingizdan kiyimxonaga qizil kartochka olgan holda yo'l oldi. Uni kiyimxonada ko'rganingizdan hayron qolgandirsiz?
- Martinning ham kiyimxonaga tushganini ko'rib to'g'risi hayron qoldim. Ammo bu futbol va ushbu o'yinda istalgan voqea yuz berishi mumkin. Maydonda doim katta bosim hukmronlik qiladi. Ba'zi-ba'zida ehtiroslar ustunlik qilib, qoida buzganingni ham bilmay qolar ekansan.