Islom Ahmedov: Jamoada moliyaviy muammolar yo'q
FC ANDIJON ↗ ●●●●● Matbuot 👁 17

Islom Ahmedov: Jamoada moliyaviy muammolar yo'q

"Lokomotiv" hamda "Andijon" (3:3) o'rtasidagi uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida jamoa ustozi Islom Ahmedov savollarga javob qaytardi.

G'alabaga teng durang bilan barcha andijonlik muxlislarni, viloyat hokimimizni tabriklaymiz. Yigitlarimizga oxirigacha kurashgani va xarakter ko'rsatishgani uchun katta rahmat. O'yinga keladigan bo'lsak, qiyin kechishini bilardik. Sababi, bizda biroz ruhiy tushkunlik bor edi. Boisi, o'z maydonimizda "Surxon" jamoasiga yutqazib qo'ygandik. Qolaversa, qator o'yinchilarimizda jarohatlar ham bor edi. Shuning uchun uchrashuvni og'ir kechishini bilardik. Lekin Xudoga shukr, ikkinchi bo'limda o'yin tizginini qo'limizga olib, durangga erishdik.

- Ruhiyat haqida gapirdingiz. Shu haqida batafsilroq bilmoqchi edim. Jamoada moliyaviy holat yaxshi deb eshitganman. Bundan tashqari, natijalar ham yomon emasdi. Ruhiy holat nimadan kelib chiqyapti?

Ruhiy holat faqat pul bilan bog'liq emas. Xudoga shukr, jamoamizda sharoit, mablag' tomonlama hech qanaqa muammo yo'q. Xorijga chiqib yig'in o'tkazib keldik. Baribir orada katta tanaffus bo'ldi. Shundan keyingi birinchi o'yinimizni uyimizda o'tkazdik. Baribir u yerda muxlislarni bosimi va yigitlarda xalqimiz oldida g'alabaga erishishimiz kerak, degan javobgarlik ularni bosib qo'ydi va o'sha o'yinda erkinroq harakat qila olishmadi. O'z-o'zidan uyimizda mag'lubiyatga uchraganimizdan keyin bu yerdagi uchrashuvda yana ruhiyat bilan ishlashimizga to'g'ri kelardi. Birinchi taymda ishonch biroz o'z ta'sirini bildirdi.

- O'tgan o'yindan keyin jamoa FIFA taqiqini hal qildi degandingiz. Xabarimizga ko'ra, hali ham bu muammo to'liq hal bo'lmagan ekan. Masalan, Artyom Odinsov bilan ham shunday muammo bor ekan...

Bu holat bo'yicha rahbariyatimiz bilan gaplashganmiz. Qarzdorliklarni hammasini yopib, bu haqida FIFAga jo'natildi. Aytishi bo'yicha, bank orqali o'tadi va aynan shu jarayonda qaerdadir uzilish bo'lib qolgan. Biroq FIFAga to'lov amalga oshirilgani to'g'risida xat yuborilgan. Xudo xohlasa, ertaga shu taqiq yechilib qolsa kerak. Biz ham kutyapmiz.

- Martin Boake qaydnomadan o'rin olmayapti. Uni ketishi mumkin deb ham eshitdik. Qolaversa, Ashorti ham bugun qaydnomada yo'q edi...

Ashortiga kelsak, oxirgi mashg'ulotimizda jarohat olib qoldi. Boake yozgi yig'inni biz bilan birga o'tkazdi. Kelganidan keyin biroz jarohat olib, uyiga ketdi va davolandi. Kuni kecha safimizga qo'shildi va uni ham keyingi uchrashuvlarga tayyorlab boramiz.

- "Andijon" qaysi jihatlarda yutdiyu va qaysi jihatlarda yutqazdi?

To'g'risi, o'yinni ko'rib, tahlil qilgach aytish osonroq edi. Ko'proq muvozanatda va qarshi hujumda o'tkazib yubordik. Shu tomonlama yutqazdik. Birinchi bo'limda hujumga o'tishda ozgina shoshildik. Ikkinchi taymda to'pni nazorat qildik, rejalashtirilganidek, Dragan Cheranni tanaffusdan so'ng maydonga tushirdik. Dragan orqali o'yinni tuzishni reja qildik va bu amalga oshdi. To'p nazorati bizga o'tgani foydamizga ishladi.
Ulashish

Izohlar (0)

Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!