UEFA Gianni Infantinoga qat'iy ultimatum qo'ydi – agar u o'z ixtiyori bilan ketmasa, FIFA rahbariga nisbatan ishonchsizlik votumini e'lon qilishga tayyor. Yevropaning barcha 55 ta assotsiatsiyasi ushbu tashabbusni qo'llab-quvvatlamoqda.
Buni amalga oshirish mumkinmi?
● FIFA ustavida «ishonchsizlik votumi» degan tushuncha yo'q – bu ko'proq siyosiy bosim uchun ishlatiladigan ibora.
● Shu bilan birga, prezidentni kongress orqali lavozimidan ozod etish mexanizmi mavjud. Biroq, tartib-qoida bo'yicha aniq ko'rsatmalar yo'q.
● Agar nomzod bitta bo'lsa, FIFA kongressi prezidentni umumiy ma'qullash yo'li bilan saylashi mumkin. Infantino 2023-yil mart oyida aynan shu tarzda saylangan edi.
● Agar nomzodlar ikki va undan ortiq bo'lsa, oddiy ko'pchilik ovoz yetarli bo'ladi.
👉 Demak, kongressda ishtirok etayotgan a'zolarning ko'pchiligi ovozi kifoya qiladi.
Nega 43 ta ovoz yetarli deyilmoqda?
● The Telegraph xabariga ko'ra, UEFA aynan shu miqdordagi ovoz bilan ishonchsizlik votumini boshlashi mumkin. Biroq bu biroz noto'g'ri talqin.
● Gap faqat navbatdan tashqari kongressni chaqirish mexanizmi haqida ketmoqda – buning uchun FIFAning 211 a'zosidan kamida beshdan bir qismining yozma roziligi kerak. Bu aynan o'sha 43 ta assotsiatsiya degani.
● Agar Yevropa assotsiatsiyalari FIFA kongressini chaqirishni talab qilsa, u uch oy ichida o'tkazilishi shart. Kun tartibi esa oldindan belgilanadi va o'zgartirilmaydi.
👉 Shunday ekan, UEFAning ovozlari faqat navbatdan tashqari kongressni chaqirishga yetadi, Infantinoni darhol lavozimidan chetlatishga emas.
Biroq chetlatishning muqobil yo'llari ham bor. Blatter aynan shunday ketkazilgandi
● Eng aniq yo'l – manfaatlar to'qnashuvi. Etika kodeksi lavozimdan shaxsiy manfaatlar yo'lida foydalanishni taqiqlaydi. Bu Infantinoning FIFA Forward Enterprise (FFE) yangi tijorat tuzilmasidagi komissar sifatidagi bo'lajak roli bilan bog'liq vaziyatga mos keladi.
● Bunday ssenariyda FIFAning mustaqil etika qo'mitasi tergov boshlash huquqiga ega – ya'ni nazariy jihatdan har qanday assotsiatsiya yoki konfederatsiya (masalan, UEFA) tekshiruvni boshlashi mumkin.
● Tergov yakunlari bo'yicha hisobot sud palatasiga yuboriladi, u esa dalillarni baholab, qaror qabul qiladi – hatto diskvalifikatsiya (ban)gacha. Shu bilan birga, vaqtinchalik cheklovlar ham joriy etilishi mumkin.
● Masalan, 2015-yil oktyabr oyida FIFAning sud organi Blatter va Platiniga nisbatan 90 kunlik vaqtinchalik taqiq joriy etgan edi.
👉 Agar Infantinoga nisbatan manfaatlar to'qnashuvi bo'yicha rasmiy etika tekshiruvi ochilsa, nazariy jihatdan tergov davrida uni lavozimidan vaqtinchalik chetlatish mumkin. Bu juda kuchli bosim vositasi.
🤔 Biroq FIFA sud organlarining mustaqilligi – juda mavhum tushuncha. Etika qo'mitasi a'zolarini FIFA suhbatdan o'tkazadi, FIFA tasdiqlaydi, FIFA maosh to'laydi va vakolatlarini yana FIFA uzaytiradi.
● 2017-yilda aynan Infantinoning taklifi bilan kengash etika qo'mitasining har ikki palatasi rahbarlarini qayta saylashga qo'ymadi. Ular Infantinoning xususiy samolyotlar uchun qilgan xarajatlari yuzasidan savollar berishgan edi.
● O'shanda tergov palatasiga kolumbiyalik Mariya Klaudiya Roxas rahbarlik qila boshlagan. O'tgan yili Roxas sud palatasi rahbari sifatida FIFAdan jami 215 ming dollar gonorar olgan. Hozirda tergovga ruandalik Martin Ngoga rahbarlik qilmoqda.
👉 Katta ehtimol bilan, bu borada Infantinoning ma'muriy zaxiralari yetarlicha.
Norozilar uchun zaxira varianti – 2027-yil mart oyidagi navbatdagi saylovlarda Infantinoni qayta saylamaslik. Biroq buning uchun UEFAga kutishga to'g'ri keladi.