FIFA erkaklar va ayollar o'rtasidagi jahon chempionatlari hamda klublar o'rtasidagi jahon chempionatini boshqaradigan kompaniya tuzishni rejalashtirmoqda. FIFA tasdiqlashicha, investitsiya guruhiga Joshua Kushner tomonidan asos solingan Thrive Capital kompaniyasi rahbarlik qilishi kutilmoqda. Joshua Kushner Donald Trampning kuyovi Jared Kushnerning ukasi hisoblanadi.
UEFA ortidan Shimoliy va Markaziy Amerika hamda Karib havzasi futbol konfederatsiyasi (KONKAKAF) assotsiatsiyalari Infantinoning rejalarini bir ovozdan rad etdi.
FIFA tarkibida 211 ta a'zo-assotsiatsiya mavjud bo'lib, har birining Kongressda bitta ovozi bor. UEFA 55 ta, KONKAKAF esa 41 ta a'zoga ega. Agar ikkala blok birgalikda qarshi ovoz bersa, bu 211 ta ovozdan 96 tasini tashkil qiladi.
Bunday qarorlar navbatdagi yoki navbatdan tashqari kongresslarda hal qilinadi. Navbatdan tashqari kongress a'zolarning beshdan bir qismi (43 va undan ortiq assotsiatsiya) yozma talabi bilan chaqirilishi shart. Talab olinganidan keyin uch oy ichida kongress o'tkazilishi kerak.
Har bir assotsiatsiya kongressda bitta ovozga ega. Telekonferensiya, videokonferensiya yoki boshqa aloqa vositalari orqali ishtirok etish (pochta orqali emas) hozir bo'lishga tenglashtiriladi.
FIFA ustaviga o'zgartirish kiritish yoki assotsiatsiyani chetlatish hollaridan tashqari, qolgan masalalarda kvorum talab qilinmaydi. Ustav o'zgarganda kongress ovozlarining 2/3 qismi, qolgan hollarda esa qatnashayotganlarning oddiy ko'pchiligi (50 foizdan ortig'i) yetarli hisoblanadi.
To'ldirilmagan byulletenlar, manipulyatsiyaga uchragan ovozlar va ovoz berishdan tiyilganlar hisobga olinmaydi.
FIFAning navbatdagi kongressi 2027-yil mart oyiga rejalashtirilgan. Katta ehtimol bilan, tijorat masalasi bo'yicha qaror navbatdan tashqari kongressda ko'rib chiqiladi. Buning uchun avvalo 43 dan ortiq ovoz to'plash kerak.
Agar FIFA bu qarorni ustavga o'zgartirish sifatida malakalamoqchi bo'lsa, qatnashayotganlarning uchdan ikki qismi roziligi kerak bo'ladi. Agar oddiy tijorat qarori sifatida ko'rilsa, 50 foizdan ortig'i kifoya qiladi. UEFA va KONKAKAF bu yig'ilishni boykot qilmasa, birinchi holatda 96 ta ovoz qarorni bloklash uchun yetarli bo'ladi. Ikkinchi holatda esa 106 va undan ortiq ovoz kerak. Shu sababli, boshqa konfederatsiyalarning munosabatini kutish lozim.
Izohlar (0)
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring.
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!