Osiyo futbol konfederatsiyasi FIFAning xususiy sarmoya jalb etish rejasiga qarshi chiqdi
Osiyo futbol konfederatsiyasi FIFAning jahon chempionatini boshqaruvchi kompaniyaga xususiy sarmoya jalb etish rejasiga qarshi chiqdi.
Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) FIFAning jahon chempionatini himoya qilish borasidagi tashabbusida UEFA va KONKAKAF bilan birdamlik bildirdi.
Kontekst: FIFA FIFA Forward Enterprise (FFE) kompaniyasini yaratishni rejalashtirmoqda. U FIFAning asosiy erkaklar va ayollar turnirlari — jahon chempionati hamda klublar o'rtasidagi jahon chempionatini boshqaradi. Ushbu kompaniyadagi ulushni xususiy investorlarga 4,2 milliard dollarga sotish ko'zda tutilgan. Gap Donald Trampning kuyovi Jared Kushnerning ukasi Joshua Kushnerga tegishli Thrive Capital kompaniyasi haqida bormoqda.
Avvalroq UEFA va KONKAKAF bu g'oyaga qarshi ochiq fikr bildirgan edi, bugun ularga Osiyo futbol konfederatsiyasi ham qo'shildi.
OFK UEFA va KONKAKAF bilan birdamligini izhor etadi hamda FIFAning asosiy musobaqalariga xususiy sarmoyalarni jalb qilish taklifi va FFE bo'yicha qaror qabul qilish jarayoni yuzasidan jiddiy xavotirda ekanligini bildiradi.
OFK «futbol olamida yuzaga kelgan misli ko'rilmagan kelishmovchiliklarni inobatga olgan holda», taklif etilayotgan model g'oyani ilgari surish uchun zarur bo'lgan konsensus va birlikka erisha olmasligiga ishonchi komil.
Shuningdek, FIFAga nisbatan protsessual e'tirozlar ham mavjud — boshqaruv, institutsional jarayonlar va mazmunli maslahatlashuvlarga oid asosiy savollar javobsiz qolmoqda.
Jahon futbolining tijoriy, sport va strategik kelajagiga ta'sir ko'rsatishi mumkin bo'lgan bunday muhim ko'lamdagi takliflar konfederatsiyalar, a'zo assotsiatsiyalar va hatto FIFAning o'z boshqaruv organlarini, jumladan FIFA Kengashini ham bexabar qoldiradigan jarayonlar doirasida qabul qilinmasligi kerak.
Shu munosabat bilan OFK FIFAga o'z boshqaruv va qaror qabul qilish tizimini zudlik bilan qayta ko'rib chiqishni tavsiya qilmoqda.
Kuchlar nisbatida bu nima beradi?
Bu FIFA kongressida ushbu masalalar bo'yicha qaror qabul qiladigan yana 46 ta ovoz degani.
Rasman — UEFA (55 ta ovoz) va KONKAKAF (41 ta) assotsiatsiyalari bilan birgalikda FIFAning 211 a'zosidan 142 tasi qarshi chiqdi. Bu esa FIFAning har qanday qarorlari uchun to'siq bo'luvchi ko'pchilik ovoz hisoblanadi — ustavga o'zgartirish kiritishdan (2/3 ovoz) tortib, boshqa barcha masalalargacha (yarmidan ko'pi).
Amalda esa konfederatsiya pozitsiyasi har bir aniq federatsiyaning pozitsiyasiga teng emas. Masalan, KONKAKAF tarkibiga AQSH assotsiatsiyasi kiradi, u amerikalik investorlarni jalb qilish tashabbusiga qarshi chiqishi dargumon. U yerda Puerto-Riko va Amerika Virjiniya orollari ham bor — bular Shtatlarning noinkorporatsiya qilingan hududlari. Osiyoda ham xuddi shunday maqomga Guam ega. Ustavga ko'ra, ularning ovozlari boshqalar bilan teng kuchga ega.
FIFA har bir assotsiatsiyani alohida ko'ndirishiga to'g'ri keladi. Infantinoning qo'lidagi asosiy argumentlardan biri — bu pul.