2026-yilgi jahon chempionati finalida tomoshabinlar uchun katta shou rejalashtirilgan. Aynan shu shou sababli ikkinchi bo'limning boshlanishi kechikishi mumkin.
FIFA turnirga bir oy qolganda Shakira, Madonna va BTS guruhini xedlaynerlar sifatida e'lon qildi. Iyul oyi boshida esa ro'yxatga Jastin Biber ham qo'shildi. Shuningdek, Burna Boy, Gustavo Dudamel hamda Coldplay guruhining chiqishlari kutilmoqda. Tashkilotchilar ushbu qadam bilan oilaviy auditoriyani va mezbon mamlakat – AQSHdagi muxlislarni jalb etishni maqsad qilgan.
FIFA konsert 11 daqiqa davom etishini ta'kidlamoqda, biroq The Guardian va The Times nashrlari sahna dekoratsiyalarini o'rnatish va yig'ishtirib olish jarayoni sababli tanaffus 30 daqiqagacha cho'zilishini taxmin qilmoqda.
Avvalroq, 2024-yilgi Amerika kubogi finalida Shakiraning chiqishi uchun tanaffus 25 daqiqaga uzaytirilgandi. The Times xabariga ko'ra, Angliyaning BBC va ITV telekanallari ham tanaffus yarim soat davom etishiga tayyorgarlik ko'rmoqda.
Jahon chempionati reglamentiga ko'ra, futbolchilar 15 daqiqalik tanaffusga ega. Biroq FIFA maxsus holatlarda reglamentga o'zgartirish kiritish huquqini o'zida saqlab qoladi.
Shou vaqtida futbolchilar maydonda qiziy olmaydi, bu esa ularning jismoniy holatiga salbiy ta'sir ko'rsatishi mumkin.
«Bu futbolchilarning jismoniy holatiga ta'sir qilishi mumkin, chunki ular tanaffusda haddan tashqari sovib qolishlari hech gap emas», — degandi murabbiy Lorenso ikki yil avval.
FIFA ushbu shouni xayriya maqsadlari bilan izohlamoqda. Biroq ekspertlar bu ko'proq tijoriy loyiha ekanligini ta'kidlashmoqda.
Izohlar (0)
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring.
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!