Koul Palmer "Tottenhem"ga qarshi o'yin oldidan fikrlari bilan o'rtoqlashdi
Koul Palmer "Tottenhem"ga qarshi o'yin oldidan Rodjers, Xabi Alonso va mavsumga tayyorgarlik haqida fikr bildirdi.
Koul Palmer "Tottenhem"ga qarshi o'yin oldidan matbuot anjumanida qatnashdi. Quyida uning asosiy fikrlari keltirilgan:
Rodjers haqida:
U qanchalik kuchli futbolchi ekanligini hamma biladi. U mening eng yaqin do'stlarimdan biri, shuning uchun uning jamoamizga o'tganidan juda xursandman. Biz doimo aloqadamiz, shuning uchun "Chelsi" uni sotib olmoqchi ekanligini eshitganimda, unga tezroq o'tishini aytib, tinimsiz yozardim. Balki u o'sha paytda mendan juda charchab ketgandir!
Endi u shu yerda ekanligidan mamnunman va maydonga birga tushadigan kunni intizorlik bilan kutyapman.
U o'tishini menga darhol aytgandi, lekin biz buni sir saqladik. Rostini aytsam, bu qiyin bo'ldi!
Fikrimcha, biz turlicha o'yinchi bo'lsak-da, ikkalamiz ham jamoaga ko'p narsa bera olamiz. U ham to'p bilan, ham to'psiz harakatlarda mendan ko'ra baquvvatroq. Qolaversa, u men uzatma berishni xush ko'radigan zonalarga yorib kirishni yaxshi ko'radi.
Biz birga juda yaxshi o'ynay olamiz deb hisoblayman. Ayniqsa, yoshlar darajasida ham birga to'p surganmiz.
Xabi Alonso haqida:
Xabi bizga kelguniga qadar u bilan gaplashishga ulgurgandim. Jahon chempionati uchun tarkibga kirmay qolganimda u menga yozgandi. Bu juda yoqimli holat edi.
Hozirgi vaqtda uning qo'l ostidagi mashg'ulotlar juda yaxshi o'tmoqda. U va uning shtabi bizga juda yaxshi munosabatda, ular bilan ishlashdan zavq olyapmiz.
Xabi meni bo'sh zonalarga yorib kiradigan "o'nlik" pozitsiyasida ko'rayotganini aytdi.
O'zimni yaxshi his qilyapman. Mavsumga tayyorgarlik ko'rish uchun yetti haftam bor edi, shuning uchun endi tayyorman.
Ertangi o'yin haqida:
Biz o'yinni intizorlik bilan kutyapmiz, ayniqsa chiptalar to'liq sotilib bo'lgani va "Tottenhem"ga qarshi bahslar doimo sifatli futbol va'da qilgani uchun.
Ha, bu mavsumoldi tayyorgarlik, lekin bunday jamoalarga qarshi o'ynash doim yaxshi. Raqobat ruhi albatta bo'ladi, lekin eng muhimi — mavsumga tayyorgarlik. O'rtoqlik o'yinlari aynan shu uchun kerak.
Yangi mavsumni intiqlik bilan kutyapman. Yozni a'lo darajada o'tkazdim, avval hech qachon bo'lmaganidek, naq yetti haftalik ta'tilga ega bo'ldim. Ta'tilni oilam bilan o'tkazdim, shuning uchun yangi mavsum boshlanishi oldidan o'zimni ayniqsa tetik his qilyapman.