🎙️ Koul Palmerning "Tottenxem"ga qarshi o'yin oldidan matbuot anjumani [2-qism]:
💬 O'tgan mavsum jarohat tufayli og'ir kechdi — bu faoliyatingizdagi birinchi jiddiy jarohat bo'lsa kerak. O'yiningizdan kutgan natijalarni bera olmagan paytingizda buni qanday yengib o'tdingiz?
Ochig'ini aytsam, buni qanday yengib o'tishni unchalik tushunmadim. Jarohatdan keyingi dastlabki oylar maydonga tezroq qaytishni istadim. Balki, buni qilmasligim kerak edi, chunki o'zim istagandek o'ynay olmasdim. Shaxsiy nuqtai nazardan jarohatlar sabab mavsum omadsiz chiqdi. Ammo hozir o'zimni yaxshi his qilyapman. Yetti haftalik dam olish menga juda yordam berdi. Endi yana o'ynashga tayyorman.
💬 Operatsiya masalasi ko'rib chiqilganmi?
Ha. Shifokor huzuriga borgandim… Qayerdaligini aniq eslolmayman — adashmasam, Shvetsiya yoki Daniyada, o'sha davlatlardan birida. Operatsiya haqida gaplashdik, lekin yakunda undan voz kechishga qaror qildik.
💬 Morgan haqida gaplashamiz. Hamma sizning nishonlashingizni muhokama qilyapti. Unga "Tegma, bu meniki" dedingizmi yoki birga nishonlashni rejalashtiryapsizmi?
Bu voqeani siz, jurnalistlar bo'rttirib yubordingiz. Biz buni hatto bir marta ham muhokama qilmaganmiz. Shunchaki shunday bo'lib qoldi — u bu nishonlashni amalga oshiryapti, men ham.
💬 Ya'ni?
Men bu nishonlashni allaqachon patentlab qo'yganman. Agar Morgan biror narsa qilishga urinib ko'rsa, uning eshigini sud ijrochilari taqillatadi [kuladi].
💬 Agar jiddiy gapirsak?
O'ylaymanki, birga nishonlaymiz.
💬 O'tgan o'yinda o'nta gol urdingiz, juda tomoshabop bo'ldi. Ammo yana to'rtta gol o'tkazib yuborishni istamasangiz kerak. Baribir "Chelsi" — "Tottenxem" qarama-qarshiligi, hatto Avstraliyadagi o'rtoqlik o'yini bo'lsa ham, o'zgacha ahamiyatga ega?
O'ylaymanki, bu o'yin doim o'zgacha bo'lib qoladi. Lekin baribir bu shunchaki mavsumoldi o'yini. Hozir bizning asosiy vazifamiz — mavsumga yaxshilab tayyorgarlik ko'rish.
💬 "Vestern Sidney" o'yinchisi Jared bilan o'yindan so'ng futbolka almashganingizni ko'rdim. Bu yerga kelib, bunday munosabatni ko'rish qanday tuyg'u? Mahalliy o'yinchilar va muxlislar uchun sizlar haqiqiy kumirsizlar.
U o'yin davomida futbolka almashishimiz mumkinmi deb so'radi va men rozi bo'ldim. O'shanda uning "Chelsi" muxlisi ekanligini ham bilmasdim. O'yindan keyin bularning hammasini Instagram'da ko'rdim. Ochig'i, endi futbolkani aynan unga berganimdan juda xursandman.
💬 Mashg'ulotlarning birida sizni Mahdi Nikoll-Jazuli bilan birga ko'rishdi — Sidneyda yashovchi mahalliy yigit. Munosabatlaringiz haqida gapirib bersangiz va uning iqtidori haqida nima deb o'ylaysiz?
Ha, u quvnoq yigit, o'ziga juda ishonadi. U atigi 16 yoshda, lekin bunday klubda o'ynash uchun barcha sifatlarga ega. Balki, keyingi mavsumdayoq tayyor bo'lar. Ammo hammasi uning o'ziga bog'liq — agar mehnat qilishda davom etsa va to'g'ri kayfiyatni saqlab qolsa, u xohlagan narsasiga erishish uchun barcha imkoniyatga ega.
💬 Ta'tilda bo'lganingizda Xabi Alonso siz bilan bog'landimi?
Ha. Jahon chempionatiga bormasligim haqida xabar berishganda, u hammasini bilgan va menga yozgan edi.
💬 Aynan nima dedi?
So'zma-so'z eslolmayman. "Xavotir olma" mazmunida edi. Umuman olganda, oddiy qo'llab-quvvatlash so'zlari.
💬 Yangi bosh murabbiyning bunday xabarini olish yoqimli bo'ldimi?
Ha, albatta.
💬 Xabi Alonso bilan ilk uchrashuvda nimalar haqida gaplashdingiz? U sizni maydonda qayerda ko'rayotganini tushuntirdimi?
Ha. U meni "o'nlik" pozitsiyasida, chiziqlar orasida, hujumchiga yaqinroq joyda ko'rayotganini aytdi. Ko'ramiz, hammasi qanday kechadi.
💬 Angliya terma jamoasiga qaytish siz uchun hozir qanchalik muhim? Bu qo'shimcha motivatsiyami?
Ochig'ini aytsam, hozir bu haqda umuman o'ylamayapman. Barcha fikrlarim "Chelsi"dagi mavsum bilan bog'liq. Shuning uchun bu meni hozir unchalik tashvishlantirmayapti.
💬 Jamoaga yangi o'yinchilar — Morgan Rojers, Maksans Lakrua kelib qo'shildi. Bunday transferlar yangi mavsum oldidan qo'shimcha ishonch bag'ishlaydimi?
Albatta. Kuchli o'yinchilarni tarkibga qo'shganingizda, jamoa kuchayishi kerak. Umid qilamanki, bizni yaxshi mavsum kutib turibdi.
Izohlar (0)
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring.
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!