Morgan Rojersning ilk intervyusi. Asosiy jihatlar
Xabi bilan suhbat haqida:
Biz allaqachon bir necha bor gaplashib oldik. Men uchun bu yerga kelib, u qanday murabbiy ekanligini, qanday fikrlashini va qanday futbol ko'rishni istashini tushunib olish muhim edi. Uning g'oyalari mening o'yinga bo'lgan qarashlarim bilan to'liq mos keladi – men ham erkin o'ynashni, o'z kuchli tomonlarimni namoyish etishni istayman. Aynan u jamoani boshqarayotgani transferimning asosiy sabablaridan biri bo'ldi.
Futboldan tashqari qiziqishlari haqida:
Men NBAning katta muxlisiman. O'zim hech qachon o'ynamaganman – agar shunday deganimda akam darrov ustimdan kulgan bo'lardi. Lekin basketbolni juda yaxshi ko'raman, «Golden Steyt»ga muxlislik qilaman.
O'z o'yin uslubini qanday ta'riflashi haqida:
Men maydonda erkinlikni yoqtiradigan futbolchiman, deb aytgan bo'lardim. Tavakkal qilishni, vaziyatlar yaratishni, o'yin borishini o'zgartirishni va natijaga ta'sir o'tkazishni yoqtiraman. Bu gol bo'ladimi, golli uzatma yoki boshqa biror narsa. Hatto himoyada ham jamoaga maksimal foyda keltirishni va o'yinga ta'sir qilishni istayman. Men doimo o'yin taqdirini hal qila oladigan futbolchi bo'lishga intilaman. Muxlislarga nega bu yerda ekanligimni ko'rsatib qo'ymoqchiman.
Palmer bilan do'stligi haqida:
Koul bilan taxminan 14 yoshimizdan beri tanishmiz. Avval Angliya o'smirlar terma jamoasida kesishganmiz, keyin esa «Siti»da birga bo'lganmiz. Biz qachondir birga o'ynashni orzu qilganmiz va endi bu haqiqatga aylandi. Ikkalamiz ham bundan juda xursandmiz. U menga tinmay qo'ng'iroq qiladi va xabar yozadi, men ham birga o'ynashni intiqlik bilan kutyapman. U juda baxtli! U menga hech qachon bunchalik ko'p yozmagan.
Terma jamoada Ris Jeyms bilan suhbatlashgani haqida:
Ris bilan ancha batafsil gaplashib oldim. Jamoa sardori sifatida u bu klubni juda yaxshi biladi va menga hamma narsani aytib berdi. Men muhitni his qilishni, qanday joy ekanligini tushunishni istadim, shuning uchun to'g'ri qaror qabul qilganimga ishonch hosil qilish uchun unga ko'plab savollar berdim. Ammo u jamoa, kollektiv, murabbiy bilan suhbatlari va klub qaysi yo'nalishda ketayotgani haqida gapira boshlagach, bu loyihaning bir qismi bo'lishni juda istayotganimni angladim. Ris doimo rostini gapiradi. Uni anchadan beri bilaman, u har doim shunday bo'lgan. Shu sababli, bu transferni muhokama qilish uchun u eng ideal inson edi.
Izohlar (0)
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring.
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!