Daily Mail nashri jurnalisti Kiran Gill "Chelsi"ning Avstraliyadagi mavsumoldi yig'ini jarayonidan qiziqarli ma'lumotlarni bo'lishdi:
🔹Avstraliyaga uchib ketishdan oldin Xabi Alonso Kobbemdagi mashg'ulot bazasida klub xodimlari uchun o'yin tashkil qildi. Bir jamoada u bilan birga kelgan mutaxassislar, ikkinchisida esa asosiy jamoa bilan ishlagan xodimlar maydonga tushdi. 7x7 formatidagi bahsda Alonso jamoasi g'alaba qozondi. Manbalarga ko'ra, ispaniyalik murabbiy bir necha bor golli uzatmalarni amalga oshirgan.
🔹Alonso "Chelsi" futbolchilarida katta taassurot qoldirmoqda. O'yinchilarning so'zlariga ko'ra, u mashg'ulotlarda hamon yuqori texnikani namoyish etmoqda va mashqlarni mayda xatolar uchun to'xtatmay, ularni o'yin sharoitiga maksimal darajada yaqinlashtirishga harakat qilmoqda.
🔹Alonso mashg'ulot jarayonidagi detallarga qattiq e'tibor qaratadi. Masalan, mashg'ulotlardan birida u Romeo Laviaga to'pni qabul qilishdan oldin atrofni tez-tez kuzatib borishni maslahat berdi.
🔹"Chelsi" Avstraliya vaqt mintaqasiga moslashishga jiddiy yondashdi. O'yinchilarni mahalliy vaqtga o'tkazish Londondan parvoz paytidayoq boshlangan, yo'lda esa jamoa qisqa mashqlar uchun Shri-Lankada to'xtagan.
🔹Alonso haftasiga uch marta 10 kilometr masofaga yugurishni odat qilgan. Sidneyda ham u o'z odatiga sodiq qolib, hatto golf o'ynashga ham vaqt topdi.
🔹"Chelsi"ning ochiq mashg'ulotiga 5 mingdan ortiq muxlis tashrif buyurdi. Muxlislardan biri Robert Sanchesga bag'ishlangan plakat ko'tarib chiqqan: "Robert Sanches Titanikni qutqara olardi".
🔹Mashg'ulotning asosiy qahramoni Alonso bo'ldi. Yakuniy hushtakdan so'ng u 25 metrlar masofadan to'pni darvozaga yo'llab, muxlislarning olqishiga sazovor bo'ldi.
🔹Sidney bazasidagi Wi-Fi paroli "Football Is Coming Home" iborasidan iborat edi. Aynan shu yozuv yonida Levi Kolvill va Koul Palmer Angliya terma jamoasining JCh qaydnomasiga kirmaganliklari haqida intervyu berishdi.
🔹Koul Palmer jurnalistlar bilan muloqot qilish uchun o'zi tashabbus ko'rsatgan. U o'zining yaqin do'sti Rojers haqida ham gapirib o'tdi. Klubda 2026/27 yilgi mavsum Palmer uchun avvalgisidan ko'ra muvaffaqiyatliroq o'tishiga umid qilishmoqda.
🔹Birinchi jamoa bilan birga akademiyaning yosh tarbiyalanuvchilari, jumladan 16 yoshli Reji Uotson va Mahdi Nikoll-Jazuli ham Avstraliyaga yo'l olishdi. Murabbiylar shtabi o'smirlar bo'sh vaqtini telefonda o'tkazmasligi uchun qayiqda sayr kabi turli tadbirlar tashkil etdi.
🔹Tajribali futbolchilar esa homiylar oldidagi majburiyatlarni bajarishdi. Levi Kolvill, Aaron Anselmino va Tosin Adarabioyo Bondi-Bich plyajiga tashrif buyurishdi. Koul Palmer, Joao Pedro, Dariu Essugu va Liam Delap esa TMGM shtab-kvartirasida savol-javob sessiyasida qatnashishdi.
🔹Klub ichida Mixail Mudrikning qaytishi ijobiy qabul qilindi. Futbolchilar uning diskvalifikatsiyasi bekor qilinganini muhokama qilishmoqda va vingerning ikki yillik tanaffusdan so'ng yana maydonga qaytishidan xursand.
Izohlar (0)
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring.
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!