The Athletic nashri jurnalisti Saymon Jonsonning xabariga ko'ra, "Chelsi" yozgi transfer oynasida tarkibni kuchaytirish uchun markaziy himoyachilarni ko'rib chiqmoqda. Jumladan, klub "Manchester Siti" bilan shartnomasi yakunlangan 32 yoshli Jon Stounz nomzodiga qiziqish bildirmoqda.
"Chelsi" tajribali futbolchilar bilan tarkibni boyitmoqchi. Masalan, 34 yoshli Granit Jaka uchun qilingan taklif rad etilgan bo'lsa-da, bu klub yoshi katta o'yinchilarni jalb etishga tayyorligini ko'rsatadi. "Ko'klar" Maksans Lakrua bo'yicha rasmiy so'rov yuborgan, biroq u yagona variant emas. Shuningdek, Xakobo Ramon ham muqobil variant sifatida qaralmoqda. "Rayo Valyekano" bilan Pep Chavarrining transferi bo'yicha muzokaralar davom etmoqda. Hujum chizig'i uchun "Bayer" vakili Kerim Alaybegovich ham kuzatuv ostida, ammo yangi xaridlar sotuvlarga bog'liq.
Kimlar klubni tark etishi mumkin?
"Chelsi" Nikolas Jeksonni 65 million funtga baholamoqda va "Aston Villa" futbolchiga qiziqish bildirmoqda. Jekson jamoa bilan Avstraliyadagi mavsumoldi turnesiga yo'l olishi kutilmoqda, biroq asosiy tarkibdagi o'rni xavf ostida. Agar munosib taklif tushsa, klub uning ketishiga qarshilik qilmaydi.
Liyam Delap va Emanuel Emega ham shunga o'xshash vaziyatda. Mark Giyu esa ijaraga yoki to'liq transferga qo'yilgan, klub uni 25 million funtga baholamoqda. Shuningdek, "Chelsi" Alexandro Garnacho uchun 50 million yevro talab qilmoqda, unga "Aston Villa" va Italiya klublari qiziqmoqda.
Pedru Netu "daxlsizlar" ro'yxatida emas, biroq klub uni yuqori baholaydi. Enzo Fernandes va Malo Gyusto uchun mos ravishda 120 va 75 million funtlik takliflar tushsa, klub ularni sotishga tayyor. "Komo" Trevo Chalobani o'z safiga qo'shib olish uchun muzokaralarni davom ettirmoqda. Benua Badiashil va Aksel Disasi ham transfer bozoriga chiqarilgan.
Filip Yorgensen ko'proq o'yin amaliyoti uchun ketishni so'ragan, Gabriel Slonina esa "Strasbur" nishonida. Bundan tashqari, klub David Datro Fofana, Kendri Paes, Omari Kelliman, Deyvid Vashington, Kaleb Uayli va Shim Meukini ijaraga berish yoki sotish ustida ishlamoqda.