2026-yilgi Jahon chempionatida ishtirok etgan o'zbekistonlik hakamlar Ilgiz Tantashev, Andrey Tsapenko va Timur Gaynullin Farg'onada taqdirlandilar.
2026-yilgi FIFA Jahon chempionatida bosh hakam Ilgiz Tantashev hamda uning hakamlar brigadasi – Andrey Tsapenko va Timur Gaynullin dunyoning eng nufuzli futbol musobaqasida muvaffaqiyatli faoliyat olib borib, O‘zbekiston futboli va hakamligi nufuzini yana bir bor yuksak darajada namoyon etdi.
Ularning xalqaro maydondagi professional faoliyati, yuksak mahorati va fidoyiligi barcha yurtdoshlarimiz uchun faxr va g‘urur manbaidir.
Ushbu yuksak yutuq munosabati bilan Farg‘ona viloyati futbol assotsiatsiyasi tomonidan hurmatli hakamlarimizga esdalik sovg‘alari topshirilib, ularning mehnati munosib e’tirof etildi.
O'zbekiston milliy va olimpiya terma jamoalarida 15 yildan ortiq ishlagan massajchi Gurgen Israyelyan terma jamoadagi faoliyatini yakunladi.
O'n besh yildan ziyod vaqt mobaynida O'zbekiston milliy va olimpiya terma jamoalarida faoliyat yuritib kelgan tajribali massajchi Gurgen Israyelyan terma jamoadagi faoliyatini tugatganini ma'lum qildi.
O'zbekiston milliy va olimpiya terma jamoalarida ko'p yil mehnat qildim, turli murabbiylar bilan ishladim, bir nechta katta musobaqalarda ishtirok etdim. Buning uchun hammaga katta rahmat. Men uchun Jahon chempionatiga borish faoliyatimda katta voqea bo'ldi. Endilikda bor e'tiborimni "Lokomotiv"dagi ishimga, shuningdek sport reabilitatsiyasi bo'yicha jarohatdan tiklanayotgan sportchilarga ko'maklashishga qaratmoqchiman.
O‘zbekiston ayollar terma jamoasi XX Osiyo o‘yinlari guruh bosqichida Xitoy, Gonkong va Filippin terma jamoalariga qarshi bahs olib boradi.
Joriy yilning 19-sentabridan 4-oktabriga qadar Yaponiyaning Aichi–Nagoya shaharlarida XX Osiyo o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.
Bugun mazkur nufuzli musobaqaning ayollar futboli bahslari uchun qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Qur’a natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston ayollar milliy terma jamoasi "G" guruhidan joy oldi. Vakillarimiz guruh bosqichida Xitoy, Gonkong va Filippin terma jamoalariga qarshi maydonga tushadi.
Ma’lumot uchun, Osiyo o‘yinlarining avvalgi — Xanchjou-2022 musobaqasida O‘zbekiston ayollar milliy terma jamoasi tarixiy natija qayd etib, 4-o‘rinni egallagan edi. Endilikda jamoamiz ushbu muvaffaqiyatni yanada yaxshilashni maqsad qilgan.
O‘zbekiston U-20 qizlar terma jamoasi CAFA U-20 Women’s Championship turnirining ochilish uchrashuvida Qirg‘iziston ustidan 1:0 hisobida g‘alaba qozondi.
Bugun Tojikiston Respublikasida 20 yoshgacha bo‘lgan qizlar o‘rtasidagi CAFA U-20 Women’s Championship 2026 musobaqasiga start berildi.
Turnirning ochilish uchrashuvida Viktoriya Sirota boshqaruvidagi O‘zbekiston U-20 qizlar terma jamoasi Qirg‘iz Respublikasi terma jamoasiga qarshi maydonga tushdi. Murosasiz kechgan bahsda vakillarimiz 1:0 hisobida g‘alaba qozondi.
Uchrashuvdagi yagona gol 12-daqiqada kiritildi. Shahnoza Dekanboyevaning aniq va chiroyli uzatmasidan so‘ng Shahzoda Alixanova raqib darvozasini ishg‘ol qilib, jamoamizga g‘alaba keltirdi. Shu tariqa O‘zbekiston U-20 qizlar terma jamoasi turnirdagi ishtirokini muhim uch ochko bilan boshladi.
Eslatib o‘tamiz, jamoamiz musobaqadagi navbatdagi uchrashuvini 23-iyul kuni Eron U-20 terma jamoasiga qarshi o‘tkazadi.
O'zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Abdulla Abdullayev «Navbahor» bilan shartnoma imzoladi.
✔️ Abdulla Abdullayev – «Navbahor» futbolchisi!
O'zbekiston milliy terma jamoasi a'zosi Abdulla Abdullayev Navbahor bilan shartnoma imzoladi.
Abdulla Abdullayev 1997-yil, 1-sentabr kuni Qo'rg'ontepada tug‘ilgan.
Faoliyati davomida «Sementchi» (2016), «Bunyodkor» (2017-2022), «OKMK» (2022-2023), «Khor Fakkan» (2023-2024), «Paxtakor» (2024-2025), «Dibba SCC» (2025) jamoalarida o‘ynagan. Bundan tashqari, Abdulla Abdullayev O'zbekiston U-23 (2018-2019) terma jamoasi tarkibida maydonga tushgan. Abdulla Abdullayev hozirgi vaqtda O'zbekiston milliy terma jamoamiz a'zosi.
Abdulla Abdullayevga «Navbahor» tarkibida yorqin o‘yinlar namoyish etib, «lochinlar»ning zafarlariga o‘zining munosib hissasini qo‘shishiga tilakdoshmiz.
«Neftchi» klubining to'rt nafar futbolchisi O'zbekiston U-20 terma jamoasining yig'iniga chaqirildi.
O'zbekiston U-20 yoshlar terma jamoasi bo'lajak Osiyo kubogi saralash bosqichiga tayyorgarlikni boshlamoqda. «Neftchi» jamoasining to'rt nafar yosh futbolchisi: Azizbek Yerimbetov, Nurmuhammad Abdug'aniyev, Muhammadqodir Rasuljonov va Ibrohim Shokirov ushbu yig'inga jalb etildi.
Rejaga ko'ra, futbolchilar 13-15 iyul kunlari Toshkentda o'quv-mashg'ulot yig'inlarini o'tkazadilar. Shundan so'ng, 15-21 iyul kunlari Amman shahrida Iordaniya U-20 terma jamoasiga qarshi xalqaro o'rtoqlik uchrashuvlarida ishtirok etish uchun safarga jo'nab ketadilar.
Toshkentda ayol futbol murabbiylari uchun Osiyoda ilk bor AFC 1A darajali fitness kursi o‘quv-dasturi boshlandi.
Bugun Toshkent shahrida ayol futbol murabbiylari uchun mo‘ljallangan AFC 1A darajali Fitness Course o‘quv-kursiga start berildi. Mazkur kurs Osiyo mamlakatlari orasida ilk bor tashkil etilayotgani bilan ahamiyatlidir.
AFC 1A darajali Fitness Course ayollar futbolida faoliyat olib borayotgan murabbiylarning jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarini zamonaviy talablar asosida rivojlantirishga qaratilgan. Dastur davomida futbolchilarning funksional tayyorgarligi, mashg‘ulot yuklamalarini boshqarish, tiklanish jarayonlari hamda zamonaviy fitness metodikalari bo‘yicha mashg‘ulotlar olib boriladi.
Kursda Osiyo futbol konfederatsiyasining malakali fitness instruktori Gholamreza Jahani Ghaeh Ghashlagh murabbiylarga nazariy va amaliy darslar olib boradi. Mazkur dastur ayollar futbolida faoliyat yuritayotgan murabbiylarning malakasini oshirish va ularni xalqaro standartlar asosida tayyorlashga xizmat qiladi.
O‘zbekistonda ilk bor o‘tkazilayotgan AFC 1A darajali Fitness Course mamlakatimizda ayollar futbolini rivojlantirish, murabbiylar salohiyatini yuksaltirish hamda xalqaro tajribani keng joriy etish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri hisoblanadi.
O‘zbekiston U-20 ayollar terma jamoasi Tojikistonda o‘tgan CAFA chempionatida g‘olib chiqdi. So‘nggi turda Tojikiston ustidan 7:0 hisobida g‘alaba qozonildi.
Tojikistonda tashkil etilgan CAFA U-20 Women’s Championship 2026 musobaqasi o‘z yakuniga yetdi. Musobaqaning so‘nggi turida O‘zbekiston U-20 ayollar terma jamoasi mezbon Tojikiston U-20 terma jamoasiga qarshi maydonga tushib, 7:0 hisobida yirik g‘alabani qo‘lga kiritdi.
Uchrashuvning ilk bo‘limida Nargiza Mamataliyeva hisobni ochdi. Shundan so‘ng Shahzoda Alixonova raqib darvozasini ikki bor ishg‘ol qilib, jamoamiz ustunligini mustahkamladi. Taym yakunlanishi arafasida terma jamoamiz sardori Shahnoza Dekanboyeva ham o‘z nomini mualliflar qatoriga yozdirib, birinchi bo‘lim 4:0 hisobida yakunlandi.
Ikkinchi bo‘limda ham O‘zbekiston U-20 terma jamoasi tashabbusni qo‘ldan boy bermadi. Sevinch G‘ulomova burchak to‘pidan so‘ng hisobni 5:0 ko‘rinishiga keltirdi. Oradan o‘n daqiqa o‘tib, Yodgora Yusupova penaltidan aniq zarba yo‘lladi. Uchrashuvdagi yakuniy golga esa 78-daqiqada Mariya Daxova mualliflik qildi.
Shu tariqa Viktoriya Sirota boshchiligidagi O‘zbekiston U-20 ayollar terma jamoasi musobaqani 3 uchrashuvda 7 ochko bilan yakunlab, CAFA U-20 Women’s Championship 2026 turniri g‘olibiga aylandi.
O‘zbekiston ayollar terma jamoasi futbolchisi Mubinaxon Baxtiyorova o‘tgan uchrashuvdagi taassurotlari va golli uzatmasi haqida gapirdi.
📌 Bugungi o‘yin qahramonlaridan biri Mubinaxon Baxtiyorova O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi matbuot xizmatiga kichik intervyu berdi.
— Bugungi o‘yin haqida fikringiz qanday?
— Bugungi uchrashuv juda hissiyotlarga boy o‘tdi. Sog‘lig‘im bilan bog‘liq ayrim muammolar bo‘lgani sababli o‘yin men uchun oson kechmadi. Shu sabab asosiy tarkibda maydonga chiqmadim. Lekin, murabbiylar menga ishonch bildirib imkoniyat berishdi. Maydonga tushganimdan so‘ng jamoamga imkon qadar ko‘proq foyda keltirishga va ijobiy natijaga hissa qo‘shishga harakat qildim.
— Golli uzatmangiz haqida nima deya olasiz?
— O‘sha vaziyatda dastlab o‘zim zarba berishni o‘ylagandim. Ammo diagonal tomonda Mehrangiz Hamidova qulayroq holatda pas so‘raganini ko‘rdim. Vaziyatni to‘g‘ri baholab, unga uzatma berishga qaror qildim. Yaxshiyamki, bu qaror o‘zini oqladi va golli uzatma amalga oshdi.
AQSH, Meksika va Kanadada bo'lib o'tgan jahon chempionati yakunlandi. Finalda Argentina ustidan g'alaba qozongan Ispaniya terma jamoasi chempionlikni qo'lga kiritdi.
AQSH, Meksika va Kanada maydonlarida bo'lib o'tgan hamda O'zbekiston milliy terma jamoasi o'z tarixida ilk bor ishtirok etgan XXIII jahon chempionati o'z yakuniga yetdi.
Musobaqaning hal qiluvchi final bahsida Ispaniya terma jamoasi Argentina ustidan 1:0 hisobida g'alaba qozonib, ikkinchi bor jahon chempioni bo'ldi.
U-17 qizlar o'rtasidagi Osiyo chempionati saralash bosqichiga qur'a tashlandi. O'zbekiston terma jamoasi H guruhidan o'rin oldi.
Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) tomonidan U-17 qizlar o'rtasidagi Osiyo chempionati saralash bosqichiga qur'a tashlash marosimi bo'lib o'tdi.
Qur'a natijalariga ko'ra, Mahliyo Sarikova boshqaruvidagi O'zbekiston U-17 qizlar terma jamoasi H guruhidan o'rin oldi. Guruhda o'smirlarimizga Bangladesh va Filippin terma jamoalari raqiblik qiladi.
Ma'lumot uchun, saralash uchrashuvlari joriy yilning oktabr oyida bo'lib o'tadi. H guruhi bahslariga O'zbekiston mezbonlik qiladi, bu esa yosh futbolchilarimizga o'z muxlislari qarshisida maydonga tushish imkoniyatini beradi.
O'zbekiston U-17 qizlar terma jamoasi CAFA turniriga tayyorgarlik ko'rish uchun yig'in boshladi. Murabbiy Viktoriya Sirota tarkibni e'lon qildi.
O'zbekiston U-17 qizlar terma jamoasi kecha Milliy futbol markazida oʻquv-mashgʻulot yigʻinlariga kirishdi.
Mashg'ulotlar 19-iyulga qadar davom etadi, shundan so'ng jamoamiz CAFA U-20 Women’s championship-2026 xalqaro musobaqasida ishtirok etish uchun Tojikistonning Dushanbe shahriga jo'nab ketadi.
Viktoriya Sirota boshqaruvidagi jamoamizning, saralash uchrashuvlarida ishtirok etuvchi yakuniy futbolchilar ro‘yxati bilan tanishing.