2026-yilgi Jahon chempionatida ishtirok etgan o'zbekistonlik hakamlar Ilgiz Tantashev, Andrey Tsapenko va Timur Gaynullin Farg'onada taqdirlandilar.
2026-yilgi FIFA Jahon chempionatida bosh hakam Ilgiz Tantashev hamda uning hakamlar brigadasi – Andrey Tsapenko va Timur Gaynullin dunyoning eng nufuzli futbol musobaqasida muvaffaqiyatli faoliyat olib borib, O‘zbekiston futboli va hakamligi nufuzini yana bir bor yuksak darajada namoyon etdi.
Ularning xalqaro maydondagi professional faoliyati, yuksak mahorati va fidoyiligi barcha yurtdoshlarimiz uchun faxr va g‘urur manbaidir.
Ushbu yuksak yutuq munosabati bilan Farg‘ona viloyati futbol assotsiatsiyasi tomonidan hurmatli hakamlarimizga esdalik sovg‘alari topshirilib, ularning mehnati munosib e’tirof etildi.
O‘zbekiston ayollar terma jamoasi XX Osiyo o‘yinlari guruh bosqichida Xitoy, Gonkong va Filippin terma jamoalariga qarshi bahs olib boradi.
Joriy yilning 19-sentabridan 4-oktabriga qadar Yaponiyaning Aichi–Nagoya shaharlarida XX Osiyo o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.
Bugun mazkur nufuzli musobaqaning ayollar futboli bahslari uchun qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Qur’a natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston ayollar milliy terma jamoasi "G" guruhidan joy oldi. Vakillarimiz guruh bosqichida Xitoy, Gonkong va Filippin terma jamoalariga qarshi maydonga tushadi.
Ma’lumot uchun, Osiyo o‘yinlarining avvalgi — Xanchjou-2022 musobaqasida O‘zbekiston ayollar milliy terma jamoasi tarixiy natija qayd etib, 4-o‘rinni egallagan edi. Endilikda jamoamiz ushbu muvaffaqiyatni yanada yaxshilashni maqsad qilgan.
O‘zbekiston U-20 qizlar terma jamoasi CAFA U-20 Women’s Championship turnirining ochilish uchrashuvida Qirg‘iziston ustidan 1:0 hisobida g‘alaba qozondi.
Bugun Tojikiston Respublikasida 20 yoshgacha bo‘lgan qizlar o‘rtasidagi CAFA U-20 Women’s Championship 2026 musobaqasiga start berildi.
Turnirning ochilish uchrashuvida Viktoriya Sirota boshqaruvidagi O‘zbekiston U-20 qizlar terma jamoasi Qirg‘iz Respublikasi terma jamoasiga qarshi maydonga tushdi. Murosasiz kechgan bahsda vakillarimiz 1:0 hisobida g‘alaba qozondi.
Uchrashuvdagi yagona gol 12-daqiqada kiritildi. Shahnoza Dekanboyevaning aniq va chiroyli uzatmasidan so‘ng Shahzoda Alixanova raqib darvozasini ishg‘ol qilib, jamoamizga g‘alaba keltirdi. Shu tariqa O‘zbekiston U-20 qizlar terma jamoasi turnirdagi ishtirokini muhim uch ochko bilan boshladi.
Eslatib o‘tamiz, jamoamiz musobaqadagi navbatdagi uchrashuvini 23-iyul kuni Eron U-20 terma jamoasiga qarshi o‘tkazadi.
O‘zbekiston U-20 ayollar terma jamoasi Tojikistonda o‘tgan CAFA chempionatida g‘olib chiqdi. So‘nggi turda Tojikiston ustidan 7:0 hisobida g‘alaba qozonildi.
Tojikistonda tashkil etilgan CAFA U-20 Women’s Championship 2026 musobaqasi o‘z yakuniga yetdi. Musobaqaning so‘nggi turida O‘zbekiston U-20 ayollar terma jamoasi mezbon Tojikiston U-20 terma jamoasiga qarshi maydonga tushib, 7:0 hisobida yirik g‘alabani qo‘lga kiritdi.
Uchrashuvning ilk bo‘limida Nargiza Mamataliyeva hisobni ochdi. Shundan so‘ng Shahzoda Alixonova raqib darvozasini ikki bor ishg‘ol qilib, jamoamiz ustunligini mustahkamladi. Taym yakunlanishi arafasida terma jamoamiz sardori Shahnoza Dekanboyeva ham o‘z nomini mualliflar qatoriga yozdirib, birinchi bo‘lim 4:0 hisobida yakunlandi.
Ikkinchi bo‘limda ham O‘zbekiston U-20 terma jamoasi tashabbusni qo‘ldan boy bermadi. Sevinch G‘ulomova burchak to‘pidan so‘ng hisobni 5:0 ko‘rinishiga keltirdi. Oradan o‘n daqiqa o‘tib, Yodgora Yusupova penaltidan aniq zarba yo‘lladi. Uchrashuvdagi yakuniy golga esa 78-daqiqada Mariya Daxova mualliflik qildi.
Shu tariqa Viktoriya Sirota boshchiligidagi O‘zbekiston U-20 ayollar terma jamoasi musobaqani 3 uchrashuvda 7 ochko bilan yakunlab, CAFA U-20 Women’s Championship 2026 turniri g‘olibiga aylandi.
AQSH, Meksika va Kanadada bo'lib o'tgan jahon chempionati yakunlandi. Finalda Argentina ustidan g'alaba qozongan Ispaniya terma jamoasi chempionlikni qo'lga kiritdi.
AQSH, Meksika va Kanada maydonlarida bo'lib o'tgan hamda O'zbekiston milliy terma jamoasi o'z tarixida ilk bor ishtirok etgan XXIII jahon chempionati o'z yakuniga yetdi.
Musobaqaning hal qiluvchi final bahsida Ispaniya terma jamoasi Argentina ustidan 1:0 hisobida g'alaba qozonib, ikkinchi bor jahon chempioni bo'ldi.