Nodirxon Ne'matxonov: «Andijon» muxlislari oldida o'ynash har bir futbolchining orzusi
«Andijon»ning yangi himoyachisi Nodirxon Ne'matxonov jamoaga o'tishi, klubdagi sharoitlar va muxlislar haqida fikr bildirdi.
«Andijon» klubi yozgi transferlar vaqtida tarkibiga qo'shib olgan 25 yoshli himoyachi Nodirxon Ne'matxonov jamoaga moslashuv jarayoni va kelajakdagi maqsadlari haqida gapirib o'tdi.
«Andijon»ga qo'shilganimdan juda xursandman. Murabbiylar shtabi tomonidan menga taklif bo'ldi. Eng zo'r variant, o'zimga ham «Andijon» juda yoqadi. Birinchi navbatda muxlislari. Bunday ishqibozlari bor jamoada o'ynash har qanday futbolchining orzusi deb o'ylayman. Chunki bunday atmosferada futbolchi maza qiladi. O'ylab o'tirmasdan bu taklifga rozi bo'ldim.
Ne'matxonov klubdagi infratuzilma va mashg'ulotlar darajasiga yuqori baho berdi:
«Andijon» haqida menda ma'lumot bor edi. Ammo bu yerga kelib futbol uchun hamma sharoit borligini ko'rib o'zim ham hayron qoldim. O'zbekistonda futbol shunchalik o'sayotganiga yana amin bo'lyapman. Bu yerdagi bazada hamma narsa futbol uchun. Mashg'ulotlar professional darajada. Tiklanish jarayonlari, trenajyor zali, basseyn – hamma narsa zo'r.
Himoyachi jamoa safidagi tajribali futbolchilardan o'rganishga tayyorligini ham ta'kidladi:
Bu yerda futbolchilarning saviyasi juda yuqori. O'yindan-o'yinga hamma ochilib boryapti. O'zini nimaga qodirligini ko'rsatyapti. Menga bulardan o'rganadigan narsam ko'p. Islom To'xtaxo'jaev, Nemanya Chalasan kabi futbolchilar ancha tajribali himoyachilar. Ulardan ko'p narsa o'rganyapman, menga yoqyapti.