— O‘yin biz uchun juda yaxshi boshlandi. Darhol gol urdik. Birinchi bo‘limda o‘yinni to‘liq nazorat qildik, ikkinchi bo‘limda ham vaziyatlar yaratishda davom etdik. Yana tezkor gol urildi, undan keyin uchinchi gol ham keldi va o‘ynash ancha yengillashdi.
Biz "Mash'al" jamoasini yaxshi o‘rgangan edik. O‘yindan oldin ularni tahlil qilganmiz. Ular qarshi hujumlarda, ayniqsa qanotlardan juda tez harakat qiladigan jamoa.
Ketma-ket ikkita mag‘lubiyatdan keyin bugungi g‘alaba futbolchilarga, avvalo, ruhiy jihatdan katta ishonch berdi. Bu natija turnir jadvalidagi holatimiz uchun ham muhim edi.
Shu sababli yigitlarni g‘alaba bilan tabriklayman va endi O‘zbekiston chempionati navbatdagi uchrashuviga tayyorgarlikni davom ettiramiz.
— Birinchi bo‘limda "Mash'al"ning ilk goli urilganda siz yon hakamga qattiq e'tiroz bildirdingiz. Hatto ogohlantirish ham oldingiz. Nima sababdan aynan yon hakamga bunchalik e'tiroz qildingiz?
Men vaziyatni shunday ko‘rdimki, "Mash'al"ning hujumi vaqtida ularning futbolchisi to‘pni qo‘li bilan o‘ynadi. Shu sababli o‘yin to‘xtatilishi kerak edi.
Ammo hakam o‘yinni davom ettirdi va natijada "Mash'al" gol urdi. Men hakamlarga aynan shuni aytdim: mening fikrimcha, to‘p futbolchining qo‘liga tekkan edi. Bu qoida buzilishi hisoblanadi, shuning uchun gol hisobga olinmasligi kerak edi. E'tirozimning sababi shu.
Yosh futbolchilarga imkoniyat berish masalasida, bugun ikki nafar yosh futbolchini maydonga so‘nggi 7–8 daqiqalarda tushirdingiz. Bu ularning o‘yin amaliyoti uchun kam emasmi?
Maydonga tushish uchun avvalo futbolchi bunga loyiq ekanini isbotlashi kerak. Kimning saviyasi qanday bo‘lsa, shunga yarasha imkoniyat oladi.
Bugun ayrim futbolchilarga dam berdik, ayrimlari ko‘proq vaqt o‘ynadi. Yosh futbolchilar esa kecha yoshlar jamoasi safida ham maydonga tushishgandi. Bu odatiy jarayon.
Albatta, har bir futbolchi ko‘proq vaqt o‘ynashni xohlaydi. Lekin vaziyat shundayki, har qanday xato golga sabab bo‘lishi mumkin. Futbolda esa bitta gol ham o‘yin taqdirini o‘zgartirib yuboradi.
Biz raqibni hurmat qilamiz, futbolni hurmat qilamiz. Shu sababli ortiqcha tavakkal qilmaymiz va futbolchilarga zarur bo‘lgan vaqtni beramiz.
— Doriyev bilan shartnoma qancha muddatga tuzilgan? U yangi mavsumda ham jamoada qoladimi?
Yaqinda uning shartnomasi uzaytirildi. Nazarimda, uch yoki to‘rt yilga. Aniq muddatini rahbariyat yaxshi biladi.
Bugungi o‘yinini o‘zingiz ham ko‘rdingiz. Uning mahorati, fidoyiligi, maydondagi ishtiyoqi juda yuqori.
U yosh futbolchilarimiz uchun haqiqiy o‘rnak. Legioner futbolchi qanday harakat qilishi kerakligini amalda ko‘rsatmoqda.
U gol uradi, jamoaga foyda keltiradi, samarali o‘ynaydi. Nafaqat o‘yini, balki ruhiy tomondan ham yosh futbolchilarga yordam beradi va ularning rivojlanishiga hissa qo‘shadi.
Shu sababli unga alohida minnatdorchilik bildiraman.