#Red Bull Salzburg — yangiliklari

Chap ustun yangiliklari

Adam Dagim «Hoffenxaym» futbolchisiga aylandi

Adam Dagim «Hoffenxaym» futbolchisiga aylandi

«Hoffenxaym» «Red Bull Zalsburg»dan 20 yoshli daniyalik vinger Adam Dagimni transfer qildi. Futbolchi bilan 2031-yilgacha shartnoma imzolandi.

«Hoffenxaym» Daniya terma jamoasi futbolchisi Adam Dagimni o'z safiga qo'shib olganini rasman e'lon qildi. 20 yoshli o'yinchi «Red Bull Zalsburg»dan transfer qilindi va klub bilan 2031-yilga qadar mo'ljallangan uzoq muddatli shartnoma imzoladi. OAV xabarlariga ko'ra, klub vinger uchun 13–14 million yevro atrofida tovon puli va bonuslar to'lagan.

Dagim chap oyoqda o'ynaydi va hujum chizig'ining bir nechta pozitsiyalarida harakat qila oladi.

Klub sport direktori Andreas Shiker shunday dedi:

«Adam — yosh va iqtidorli futbolchi. O'zining sifatlari va yuqori tezligi evaziga u ushbu pozitsiya uchun asosiy nomzodimiz edi. Atigi 20 yoshda bo'lishiga qaramay, u katta rivojlanish salohiyatiga ega va ham klub darajasida, ham milliy terma jamoa safida xalqaro tajribaga ega. Qolaversa, o'tgan mavsumda u «Volfsburg» safida to'p surib, Bundesligada o'zini sinab ko'rgan».

Dagimning o'zi shunday deydi:

«Hoffenxaym»ga o'tganimdan juda xursandman. Bu klub yosh o'yinchilarga rivojlanish uchun qanday imkoniyatlar taqdim etishini bilaman. Shu bois ongli ravishda TSGni tanladim va imkon qadar tezroq jamoaning bir qismiga aylanishni intiqlik bilan kutyapman. Birgalikda muvaffaqiyatga erishish uchun bor kuchimni ishga solaman».

Hujumchining bo'yi 189 sm. U «Kopengagen» va «Orxus» akademiyalari tarbiyalanuvchisi hisoblanadi.

2023-yil yozida Dagim «Red Bull Zalsburg»ga o'tdi, shundan so'ng bir mavsumga «Lifering»ga ijaraga berildi. 2024/25-yilgi mavsumda u «Red Bull Zalsburg» safida 47 ta o'yin o'tkazdi: 29 tasi Avstriya chempionatida, 11 tasi Chempionlar ligasida (saralash bosqichini qo'shganda), 4 tasi Avstriya kubogida va 3 tasi FIFA klublar o'rtasidagi jahon chempionatida. U 6 ta gol va 5 ta golli uzatmaga mualliflik qilgan.

O'tgan mavsumni daniyalik futbolchi «Volfsburg»da ijara asosida o'tkazib, 30 ta rasmiy o'yinda maydonga tushdi (2 ta gol, 3 ta assist).

2026-yil iyun oyi boshida Dagim Daniya milliy terma jamoasida debyut qildi. DR Kongo terma jamoasiga qarshi o'rtoqlik uchrashuvida (0:0) u 90 daqiqa davomida maydonda bo'ldi. Bungacha Kopengagenlik futbolchi Daniyaning o'smirlar va yoshlar terma jamoalarida 17 ta o'yin o'tkazgan.

Patson Daka «Gamburg» futbolchisiga aylandi
HSV ↗ Transfer

Patson Daka «Gamburg» futbolchisiga aylandi

Patson Daka «Gamburg» bilan 1+1 ko'rinishidagi shartnoma imzoladi. Zambiyalik hujumchi yangi jamoasida 27-raqam ostida to'p tepadi.

Patson Daka — «Gamburg» futbolchisi! Zambiyalik hujumchi klub bilan 1+1 ko'rinishidagi shartnoma imzoladi.

💬 Patson Daka:

Bu yerda ekanligimdan juda xursandman va ishni boshlashni intiqlik bilan kutyapman. Men ishtiyoqli va shijoatli futbolchiman, vazifam — gollar urish. O'ylaymanki, jamoaga aynan shu bilan yordam bera olaman. Klubning bir nechta o'yinini tomosha qildim. Bu juda qiziqarli jamoa va uning bir qismi bo'lganimdan baxtliman. Klub rahbariyati meni juda iliq kutib oldi va boshidanoq bu yerda deyarli oilaviy muhit hukm surayotganini his qildirdi. Men uchun hammasi darhol oydinlashdi, shuning uchun uzoq o'ylashimga to'g'ri kelmadi. Ko'plab ijobiy suhbatlar bu qarorni qabul qilishimni juda osonlashtirdi.

💬 Klaus Kosta:

Patson bizning o'yin modelimiz uchun zarur bo'lgan ko'plab sifatlarga ega. U energiya, tezlik va bo'sh zonalarga chiqish qobiliyatini yuqori intensivlikdagi pressing bilan uyg'unlashtiradi. Shu tufayli u bizga ham yuqori pressingda, ham himoyadan hujumga tez o'tishda qo'shimcha imkoniyatlar beradi. Muzokaralarimiz davomida Patson juda mulohazali, kamtar va ambitsiyali inson taassurotini qoldirdi. Uning endilikda oilamizning bir qismi bo'lganidan xursandmiz.

Patson Daka Yevropaga 2017-yilda Avstriyaning «Lifering» klubi orqali kirib kelgan. Yarim yildan so'ng u «Zalsburg»ga o'tdi. Klub safidagi statistikasi: 125 ta o'yin, 68 ta gol va 27 ta golli uzatma.

2021-yil yozida Daka «Lester»ga o'tdi va o'tgan mavsum oxirigacha shu jamoada to'p tepdi: jami 165 ta o'yin, 29 ta gol va 18 ta uzatma. Zambiya terma jamoasida hujumchi 2015-yilda debyut qilgan (48 ta o'yin, 21 ta gol). «Gamburg»da zambiyalik futbolchi 27-raqam ostida harakat qiladi.

O'ng ustun yangiliklari