Bruno Gimaraes transferi bo'yicha yangi tafsilotlar
Teamnewsandtix nashrining xabar berishicha, "Arsenal" Bruno Gimaraes transferi bo'yicha "Nyukasl" bilan muzokaralarni davom ettirmoqda.
Teamnewsandtix ma'lumotiga ko'ra, Bruno Gimaraesning vakillari "Arsenal" bilan bog'lanishgan. Futbolchining "Nyukasl" bilan kelishuvi bo'lgan, unga ko'ra, agar jamoa Chempionlar ligasiga chiqa olmasa, u 60-65 million funt sterling evaziga klubni tark etishi mumkin edi.
Ushbu kelishuv sir saqlangan. Bu shartnoma ortida Amanda Steyli yoki amaldagi egalar turgani noma'lum. Shuningdek, boshqa klublarga bunday kelishuv borligi haqida xabar berilganmi yoki yo'q, bu ham aniq emas.
Shu sababli, "Arsenal" dastlab vositachilar orqali transfer imkoniyatlarini o'rganib, kelishuv haqiqatan ham mavjudligini tekshirib ko'rgan.
O'sha vaqtdan beri Gimaraes "Arsenal"ga o'tishni xohlab qoldi. Dastlab londonliklar 55 million funt taklif qilishdi, ammo rad javobini olishdi. Keyin summa 60 million funtga yetkazildi va klub tomonlar yaqinlashayotganiga ishonch bildirdi. Shundan so'ng "Arsenal" taklifni 70 million funtga ko'tardi, biroq u ham tezda rad etilgan ko'rinadi.
Ba'zilar bu raqamlar nima uchun ommaviylashib ketayotganiga qiziqishi mumkin. Ehtimol, bu Bruning o'zida norozilik uyg'otish uchun qilinayotgandir. U: "Qarang, menga avval kelishilganidan ko'ra ko'proq pul taklif qilishmoqda. Demak, klub yon berishi kerak", deyishi mumkin.
Oxirgi taklif muzokaralar uchun asos bo'lib xizmat qildi. Agar Bruno qat'iy ravishda ketish istagini bildirsa, transfer amalga oshadi, deb o'ylayman.
Ehtimol, "Arsenal" dastlab rejalashtirganidan ko'proq to'lashiga to'g'ri keladi. Bitim bonuslar bilan birga taxminan 75-85 million funt sterlingga yakunlanishi mumkin. Umumiy summa 90 million funtga yetishiga ishonmayman. Shuningdek, boshqa klub bu transferni ilib ketishiga ham ko'zim yetmaydi. Bir klub transfer bo'yicha barcha tayyorgarlik ishlarini olib borib, oxirida futbolchi raqibga o'tib ketishi juda kamdan-kam uchraydigan holat.
"Arsenal"ning oxirgi taklifi tomonlarni to'laqonli muzokaralarga yaqinlashtirdi. Yakuniy transfer summasi bonuslar bilan birga 75-85 million funt sterlingni tashkil etishi kutilmoqda.