Aleks Balde: «Barselona»da raqobat o'sishga yordam beradi»
«Barselona» himoyachisi Aleks Balde klubdagi raqobat, Xansi Flik talablari va Jordi Albadan olgan saboqlari haqida gapirdi.
O'tgan mavsumni asosiy tarkib o'yinchisi sifatida yakunlamading. Eng yaxshi formalaringga qaytish uchun nima qilishing kerak?
Balde: «O'ziga bo'lgan ishonchni qaytarish. Agar ideal jismoniy holatda bo'lsam va o'z kuchimga ishonsam, o'z pozitsiyamda juda yaxshi o'ynay olaman deb o'ylayman. «Barsa»da ekanligimni bilaman. 22 yoshdaman va 16 yildan buyon shu klubdaman. Uni yaxshi bilaman va bu yerda raqobat katta ekanligini tushunaman. Bu futbolning bir qismi. Raqobat — bu yaxshi narsa, agar u seni rivojlanishga majbur qilsa, yanada yaxshi».
Sening raqobatching Kanselu bo'ladi.
Balde: «U juda yaxshi o'yinchi. Hujumda ajoyib sifatlarga ega. Bu menga ham yordam beradi. U mendan katta, tajribasi ko'proq va bu menga yordam beradi, chunki men uni namuna sifatida olaman. O'z vaqtida Jordi Albadan ko'p narsalarni o'rganganman. Bu «Barsa» va bu yerda raqobat bor».
Yana bir chap qanot himoyachisi — Jerar Martin. Uning rivojlanishi ajoyib!
Balde: «U ajoyib mavsum o'tkazdi. U bilan juda yaxshi munosabatdaman. Futbolning go'zalligi shundaki, o'yinchi rivojlanishi mumkin va u bizga juda ko'p yordam bermoqda va buni davom ettiradi».
Hozir qanot himoyachisi sifatida o'ynayapsan, lekin hujumchi sifatida boshlagansan.
Balde: «Mini-futbolda ham hujumchi, ham himoyachi pozitsiyalarida o'ynaganman. Pozitsiyalarni o'zgartirib turardim. Katta futbolga o'tganimda vinger sifatida boshlagandim, ammo yarim yildan so'ng meni himoyaga o'tkazishdi. Vinger sifatidagi tajribam hozir hujumkor himoyachi sifatida o'ynayotganimda yordam berayotgani rost. Bunday ko'nikmalar bolalikdan qoladi».
Xansi Flik sendan nimani talab qilmoqda?
Balde: «Barchadan talab qiladigan narsani: diqqatli bo'lishimizni, bor kuchimizni berishimizni. Birinchi navbatda — diqqatni jamlashimni. Biz unga to'liq ishonamiz, u ajoyib murabbiy ekanligini isbotladi».
Jordi Albani eslading. Undan nimani o'rganding?
Balde: «Ko'p narsani. Asosiy jamoaga kelganimda 17 yoshda edim va u men uchun namuna bo'ldi. U «Barsa» tarixidagi eng yaxshi qanot himoyachisi va undan yaxshiroq o'rganadigan inson yo'q edi. U menga maslahatlar berardi, uning mashg'ulotlarda va o'yinlarda o'zini tutishi menga juda katta yordam berdi».