Serxio Kosta: Kim Min Je dunyodagi eng yaxshi uch himoyachidan biri
«Cheju» bosh murabbiyi Serxio Kosta «Bavariya» himoyachisi Kim Min Je haqida iliq fikrlar bildirdi.
✨ Serxio Kosta («Cheju» bosh murabbiyi va Janubiy Koreya terma jamoasi sobiq yordamchi murabbiyi):
Min Je bilan yana uchrashishni intiqlik bilan kutyapman. Biz 2018-yilning avgustidan 2022-yilning dekabrigacha birga ishlaganmiz. U nafaqat men juda bog‘lanib qolgan inson, balki, mening nazarimda, dunyodagi eng yaxshi uchta markaziy himoyachidan biri. U men ko‘rgan eng tezkor markaziy himoyachilardan biri. Chaqqonligi tufayli u «Bavariya» kabi himoyada yuqori chiziq bilan o‘ynaydigan jamoalar uchun juda mos keladi. Qolaversa, u yakkama-yakka kurashlarda ajoyib va to‘p bilan muomalada juda ishonchli. Uning umumiy sifatlari shunchaki ajoyib.
Meni uning nihoyatda kamtarinligi ham hayratda qoldiradi — va u ajoyib hazil tuyg‘usiga ega. U barcha talab qilinadigan futbol sifatlariga, shuningdek, hech qachon taslim bo‘lmaydigan inson xarakteriga ega. Ishonchim komilki, u asosiy tarkibga qaytish uchun bor kuchi bilan kurashadi.