So'nggi sakkiz yilni poytaxtda, «jallorossi» libosida o'tkazgan Brayan Kristante Gazzetta dello Sport nashrining Sportweek loyihasiga bergan katta intervyusida o'z taassurotlari bilan o'rtoqlashdi.
💬 «Roma» safidagi 364 ta o'yin: qaysi uchtasi yodingizda qolgan?
🗣 «Oh, xudo... Eng yodda qolgan uchtasi... Ikki final, albatta. Birinchisi — Konferensiyalar ligasi, unda «Feyenoord»ni mag'lub etganmiz, ikkinchisi esa Yevropa ligasi finali, unda penaltilar seriyasida «Sevilya»ga yutqazganmiz. Keyin, tafsilotlarga kirmayman, bu mavsumning so'nggi turida Veronadagi o'yinni aytaman, o'shanda Chempionlar ligasiga qaytishni ta'minlaganmiz — bu klub, o'yinchilar va muxlislar juda uzoq kutgan voqea edi».
💬 Rimdagi sakkiz yil boshqa klub va shahardagi shu davrdan ikki barobar og'irmi?
🗣 «Aslo... Rimga birinchi kundanoq oshiq bo'lib qolasiz. Kelasiz va qayerga qaramang, uning go'zalligidan hayratga tushasiz. Stadion esa o'ziga xos narsa beradi: «Roma» muxlislarining energiyasini men kashf qilganim yo'q; Venditti qo'shig'i ohangidagi madhiya tanangizni junjiktiradi. Bu, shubhasiz, ko'p narsa talab qiladigan shahar va bu har doim ham oson emas. U beradigan barcha narsa — iliqlik, ishtiyoq va ehtiros — hammasi yaxshi ketayotganda bosimga, stressga aylanadi va agar natija bo'lmasa, buni yengish oson emas. Bu medalning ikkinchi tomoni».
💬 Bundan qanday qutulish mumkin?
🗣 «Muvozanatni saqlashni bilish kerak. Rimda eyforiya depressiyaga juda tez almashadi; bugun sen chempionsan, ertaga esa mag'lub... Shunday qilib butun mavsumni barbod qilish mumkin. Bu yil yutdikmi yoki yutqazdikmi, o'yindan keyin darhol diqqatni jamlab, keyingi bahsga tayyorgarlik ko'rishni yaxshi uddaladik».
💬 «Roma» kabi jamoa sardori bo'lish nimani anglatadi?
🗣 «Bu oddiy tuyulishi mumkin, lekin men uchun shunday ulkan shahar nomini olgan jamoa sardori bo'lish katta sharaf. Pellegrini va Manchini bilan birga yosh o'yinchilarga ushbu klubga mansublik hissini singdirayotganimdan faxrlanaman».
💬 Mourinyu va Gasperini sizga nimalar berdi?
🗣 «Mourinyu nafaqat menga, balki butun jamoaga aniqlik olib kirdi. U bizga o'z xarizmasini, g'alaba qozonish tushunchasini singdirdi; g'alaba qozonishga bo'lgan ehtiyojni, desam bo'ladi. U bilan ikki ajoyib mavsumni o'tkazdik, bitta kubok yutdik, ikkinchisida penaltilar seriyasida yutqazdik. Murabbiy Gasperini kuchli, buni inkor etib bo'lmaydi. «Atalanta»da u bilan ishlash baxtiga muyassar bo'lganman, unga ergashish kerakligini bilardim, chunki u hamma joyda katta muvaffaqiyatlarga erishgan va buni hatto shunday talabchan klubdagi birinchi yilidayoq isbotladi».
💬 Sizni har bir murabbiy uchun ajralmas qiladigan narsa nima?
🗣 «Men mehnatkash odamman. Maydonga tushishni, har kuni ishlashni va doimo formada bo'lishni, murabbiy talab qilgan narsani bajarishni yaxshi ko'raman. Bolaligimdan doim bor kuchimni berib kelganman».
Izohlar (0)
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring.
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!