Xavi Espart: «Barselona»da qolish uchun bor kuchimni ishga solaman»
Xavi Espart «Barselona»dagi kelajagi, yoshlarga berilayotgan imkoniyatlar va o'zining pozitsiyasi haqida gapirdi.
Xavi Espart o'z kelajagi va klubdagi o'rni haqida fikr bildirdi:
Xavi Espart: «Ayni damda men shu yerda qolish uchun bor kuchimni ishga solishga e'tibor qaratganman. Mening maqsadim — «Barsa»da bo'lish va bu doim shunday bo'lib kelgan. Men bu klubda ko'p yillardan beri faoliyat yuritaman va nima qilishim kerakligini yaxshi bilaman. Ya'ni, men o'z darajamni isbotlashda davom etaman va imkoniyatlardan unumli foydalanishga harakat qilaman.
«Barselona» doimo yosh o'yinchilarga ishonch bildiradigan klub bo'lgan, so'nggi yillarda esa bu yanada kuchaydi. Ochig'ini aytsam, tengdoshlarimning asosiy tarkibda ekanligini ko'rish menga ishonch bag'ishlaydi. Bu katta chaqiriq.
Men doim tayanch yarim himoyachisi pozitsiyasida o'ynaganman, lekin «Barsa»da taxminan uch yildan beri qanot himoyachisi sifatida harakat qilyapman. Rostini aytsam, ikkala pozitsiyada ham o'zimni qulay his qilaman. Ammo «Barsa»da o'ynash uchun istalgan pozitsiyada harakat qilishga tayyorman. Ishonchim komilki, murabbiyning o'zi barchasini hal qiladi».