AS gazetasi jurnalisti Ronseroning so'zlariga ko'ra, Vinisius Junior va Real Madrid o'rtasidagi yangi shartnoma bo'yicha muzokaralar to'xtab qolgan.
📰 AS gazetasi direktor o'rinbosari Ronsero xabariga ko'ra:
Vinisius Madrid klubidan yangi shartnoma bo'yicha Kilian Mbappe oladigan maosh bilan bir xil miqdorda haq talab qilmoqda. Shu sababli tomonlar o'rtasidagi muzokaralar boshi berk ko'chaga kirib qoldi.
Avvalroq Ronaldu va Ramos ham yangi shartnoma bo'yicha muzokaralar chog'ida klubga «chaqiriq» tashlashgan, ammo yakunda ikkisi ham Madridni tark etishgan edi.
Vinisius Mbappening maoshi haqida o'ylashni bas qilishi va madridistlar oldidagi obro'sini tiklab olishi kerak. Vinisius Kilian jamoaning asosiy yulduzi ekanligini tan olishi lozim.
Konstantinos Kulierakis «Roma»ga o'tishi va jamoaga moslashuvi haqida gapirdi.
Konstantinos Kulierakis «Roma» futbolchisi sifatidagi ilk taassurotlari bilan o'rtoqlashdi. Yangi markaziy himoyachi poytaxtga kelganidan keyingi his-tuyg'ulari haqida gapirdi:
«Avvalo, bu yerda ekanligimdan juda xursandman. Meni juda iliq kutib olishdi. Rostini aytsam, shaharni ko'rishga hali vaqtim bo'lmadi, lekin bu yerda bo'lishning o'zi yoqimli».
«Agentim «Roma» menga qiziqayotganini aytganida, darhol «Yaxshi, ketdik», dedim. Unga Italiyaning ushbu muhim klubi safida to'p surishim uchun qo'lidan kelganini qilishini aytdim. Ikkilanishlar bo'lmadi, shunchaki «Roma» bilan shartnoma imzolashga tayyorlanish haqida o'yladim».
Kulierakis murabbiy va o'zining sifatlari haqida ham to'xtaldi:
«Tsimikas va Mele menga murabbiy haqida gapirib berishdi. U Italiyadagi eng yaxshi mutaxassislardan biri, shuning uchun u bilan ishlashdan juda xursandman. Jamoadoshlarim bilan hali tanishmadim, lekin ular bilan uchrashishni va jamoaga qo'shilishni intiqlik bilan kutyapman».
«Yoshligimda kumirim Serxio Ramos bo'lgan — uning mentaliteti, kuchi va xarakteri uchun. Ammo o'yin uslubi bo'yicha men Laportga o'xshayman, deb o'ylayman, bizda o'xshash jihatlar bor. U ham chap oyoqda o'ynaydi va uning o'yin uslubi menga juda yoqadi. Men yoshman, ko'p narsalarni yaxshilashim kerak va hech qachon to'xtab qolmayman. Doim o'rganish va rivojlanishni istayman. Kuchli tomonlarim — chap oyog'im va ruhiy barqarorligim: men hech qachon taslim bo'lmayman va g'alaba qozonishda davom etishni istayman».
Grek himoyachisi «Olimpiko»da hali o'ynamagan bo'lsa-da, «Roma» muxlislarining ishtiyoqidan xabardor:
«Olimpiko»da bo'lmaganman, lekin televizor orqali ko'rganlarimga qaraganda, u yerdagi atmosfera g'ayritabiiy. Buni videolarda ham payqadim, o'sha stadionda o'ynashni sabrsizlik bilan kutyapman, chunki atmosfera juda jo'shqin bo'lishini bilaman. Shahardan ham katta umidlarim bor, uni kashf etishga tayyorman».
Kostas Manolas ham uning «Roma»ga o'tishida muhim rol o'ynagan:
«Uni bilaman va yozda telefon orqali gaplashganmiz. Jamoa va «Roma» haqida gaplashdik, men unga bu buyuk klub bilan shartnoma imzolash men uchun juda muhim qadam bo'lishini aytdim. Bu shunchaki suhbatdek tuyulgandi, lekin endi men shu yerdaman. Manolas «Roma» tarixidagi eng muhim o'yinchilardan biri, ayniqsa «Barselona»ga qarshi o'sha oqshom. O'sha o'yinni ko'rganman, adashmasam 3:0 hisobida yakunlangandi: bu ajoyib o'yin bo'lgandi va uni ko'rganimdan xursandman».
Yakunda Kulierakis «Jallorossi» klubi va muxlislariga murojaat qildi:
«Muxlislar qarshisida o'ynashni intiqlik bilan kutyapman, chunki ular qanchalik ajoyib ekanini va qanday aqlbovar qilmas atmosfera yarata olishini bilaman. Nihoyat, menga bildirgan ishonchi uchun klub egalariga minnatdorchilik bildirmoqchiman. Endi men shu yerdaman va ulardan juda minnatdorman. Forza Roma!».