«Ipswich» o'z tarixidagi rekord transferni amalga oshirdi
«Ipswich» o'z tarixidagi rekord transferni amalga oshirdi! Emerson «Portman Roud»da joga bonito namoyish etadimi?
«Ipswich» o'z tarixidagi rekord transferni amalga oshirdi! Emerson «Portman Roud»da joga bonito namoyish etadimi?
Gari O'Nil uchun barcha ma'nolarda ahamiyatli transfer. «Tuluza»dan kelgan 21 yoshli hujumchi «Ipswich» safiga qo'shilgan ilk braziliyalik futbolchiga aylandi, 24 million funt sterling + bonuslar ko'rinishidagi summa esa klub uchun mutlaq transfer rekordi hisoblanadi.
E'tiborli tomoni shundaki, futbolchini qo'lga kiritish yo'lida «Ipswich» mavsumning boshqa bir yangi jamoasi «Xall»ni ortda qoldirdi. Ular «Tuluza»ga taxminan 22,3 million funt sterling taklif qilishgandi.
Bu yigit kim, deb so'rashingiz mumkin? Ochig'ini aytganda, Emerson Korrea da Silvaning faoliyati bir qarashda unchalik ham hayratlanarli emas.
«Atletiko Paranaense» tarbiyalanuvchisi 2021 yilda klub bilan ilk shartnomasini imzolagan, biroq 2022 yilning oktyabrida tizzasidagi xochsimon bog'lamlarini uzib olib, deyarli bir yilga safdan chiqqandi. 2024 yilda uni Turkiyaning «G'oztepe» klubiga sotishdi, u yerda futbolchi professional faoliyatidagi ilk golini urishga muvaffaq bo'ldi.
Turklar hayron qolgan bo'lsa ajab emas, ammo yarim yildan sal ko'proq vaqt o'tib, uning ortidan «Tuluza» keldi va naq 3,2 million yevro to'ladi.
Liga 1'da Emerson umuman olganda ancha foydali o'yin ko'rsatdi, 7 ta gol urdi, yaxshi baholarga sazovor bo'ldi va eng tezkor «yuguruvchilar» ro'yxatiga kirdi, endi esa hayron qolish navbati fransuzlarga keldi. APLning ikki yangi jamoasi yigit uchun kurashga kirishdi va yakunda «Tuluza» klubda bor-yo'g'i 10 oy o'ynagan futbolchi uchun o'z tarixidagi eng yirik transferni amalga oshirib, kelgusidagi sotuvdan ham salmoqli ulush olish shartini kelishib oldi.
Mo'jizalar ro'y beradi, asosiysi — ishonish (va yaxshi agentlarga ega bo'lish).