3,2 mln yevroga sotib olib, 26 mln (bonuslar bilan 32 mln) yevroga pullashdi. Kim bu daxolar?
Bular — o‘z hujumchisi Emersonni «Ipsvich»ga sotayotgan «Tuluza»lik daxolar. Emersonni Turkiyaning «Gyoztepe» klubidan topib, Fransiyaga olib kelishgandi. U yerda futbolchi 7+3 natija qayd etdi va mana endi, 21 yoshida APLga yo‘l olmoqda.
Emerson o‘zini superto‘purar sifatida ko‘rsata olmagan bo‘lsa-da, to‘psiz harakatlanish va tezkor manyovrlarda (rivoklarda) daxshatli o‘yin namoyish etdi. Fransiyaning DataScout kompaniyasi statistikasiga ko‘ra, Emerson — rivoklar bo‘yicha haqiqiy maxluq: u yengil tezlanishlar hamda keskin rivoklar soni bo‘yicha ligada tengsiz bo‘ldi. Bundan tashqari, u rivoklar orqali bosib o‘tilgan umumiy masofa, ularning soni va yengil tezlanishlardagi masofa bo‘yicha liganing eng yaxshi 5% futbolchilari qatoriga kiradi.
Xullas, agentlar uning aynan APL jamoasi uchun juda asqotishi mumkin bo‘lgan kuchli jihatlarini to‘g‘ri ko‘rsatib bera olishdi. Boz ustiga, yoshi ham keyinchalik yanada o‘sishga erishish uchun ayni muddao.
Liga 1 klublari futbolchilarni arzon garovga olib, keyin pullab yuborishni hadisini olgan deb ko‘p gapiramiz. Ammo bu borada «Tuluza»ni kamdan-kam eslaymiz. Vaholanki, bunga qadar klub tarixidagi eng qimmat xarid Uesli Said uchun to‘langan 8 mln yevro edi, qolgan transferlarning aksariyati esa 5 mln yevrodan oshmagan.
Emersonning sotilishi «Tuluza» uchun rekord darajadagi kelishuvga aylanadi: bundan oldingi rekord «Vest Xem»ga 25 mln yevro evaziga o‘tgan Issa Diopga tegishli edi. Ehtimol, RedBird Capital Partners tarkibidagi boshqa klublar ham maksimal foyda keltirishlari uchun futbolchilar va agentlar bilan qanday ishlash kerakligi borasida «Tuluza»dan saboq olishsa yomon bo‘lmasdi.
Izohlar (0)
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring.
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!