Matteo Darmian: "Interdagi yillarim faoliyatimning cho'qqisi edi"
Matteo Darmian "Inter"dagi faoliyati, klubdan ketishi va kelajakdagi murabbiylik rejalari haqida gapirib berdi.
"Gazzetta dello Sport" xabariga ko'ra, "Inter"ning sobiq himoyachisi Matteo Darmian klubdagi faoliyati va kelajakdagi rejalari haqida gapirib o'tdi.
- "Inter"dagi yillaringiz sizga nima berdi?
- Uchta skudetto, uchta Italiya kubogi, uchta Italiya superkubogi va ikkita Chempionlar ligasi finali. Istanbul va Myunxendagi mag'lubiyatlar eng katta armonim bo'lib qoldi. "Inter" meni ham futbolchi, ham inson sifatida butunlay o'zgartirdi. Appianodagi muhit menga o'z imkoniyatlarimni 100 foiz namoyish etish imkonini berdi. Tarixning bir bo'lagiga aylanganimdan xursandman. Bu yerdan ketish og'ir, lekin ko'nglim xotirjam, chunki bor kuchimni berdim.
- Shartnomangiz uzaytirilishini kutganmidingiz?
- Ochig'ini aytganda, jamoada yana bir yil qolishni istagan edim. Klub boshqacha qaror qabul qildi, men buni hurmat qilaman, lekin o'zimni hali A seriya darajasidagi futbolchi deb hisoblayman.
- "Milan" tarbiyalanuvchisi bo'la turib, "Inter"ga o'tish qanday kechdi?
- Bu faoliyatimning cho'qqisi edi. "Milan" yoshlar jamoasidan ko'p narsa o'rgandim, "Torino"da o'z qobiliyatimni kashf etdim, "Manchester Yunayted" esa meni yangi bosqichga olib chiqdi. Ammo bolaligimdan muxlislik qilgan jamoamda o'ynash – o'zgacha tuyg'u.
- "Inter"ga nima bera oldim deb o'ylaysiz?
- O'zimni berdim. Muxlislar meni oddiy yigit va mehnatkash futbolchi sifatida eslab qolishlarini istardim. O'yinim ko'zga tashlanmasligi mumkin, lekin har doim "askardek" sadoqat bilan vazifamni bajarganman.
- Kimlar bilan aloqani saqlab qolgansiz?
- Italiyalik futbolchilar bilan munosabatlarimiz maydondan tashqarida ham davom etadi. Markus Tyuramni alohida aytib o'tishim kerak: u fransuz bo'lsa-da, qalbida biroz italyan. U menga JCHda zaxirada qolgan paytlarida o'zini xuddi Darmian kabi his qilganini aytgandi.
- Faoliyatingizni yakunlagach, nima bilan shug'ullanasiz?
- "Inter" menga yoshlar jamoasida lavozim taklif qildi, bu men uchun katta sharaf, ammo hali vaqti kelmadi. Kelajakda murabbiy bo'lishni va bolalar jamoalaridan boshlashni istayman.