Kristian Volpato Avstraliyada mojaroga aralashib qoldi
«Sassuolo» yarim himoyachisi Kristian Volpato Avstraliyada tezlikni oshirgani uchun to'xtatildi va giyohvand moddalar testida ijobiy natija qayd etdi.
Sky Italia xabariga ko'ra, «Sassuolo» yarim himoyachisi Kristian Volpato Avstraliyada mojaroga aralashib qoldi. Futbolchi tezlikni oshirgani uchun politsiya tomonidan to'xtatilgan.
Manba ma'lumotiga ko'ra, futbolchi Sidney ko'prigida ruxsat etilgan 60 km/soat o'rniga 109 km/soat tezlikda harakatlangan. To'xtatilgandan so'ng, giyohvand moddalar bo'yicha o'tkazilgan test natijasi kokain borligini ko'rsatgan.
Volpatoning haydovchilik guvohnomasi olti oyga olib qo'yildi. Shu bilan birga, alkogol testi salbiy natija bergan, politsiya esa qo'shimcha ekspertiza uchun ikkinchi namuna olgan, uning natijalari hali e'lon qilinmagan.
«Sassuolo» rasmiy bayonot berishdan oldin tergov yakunlarini va futbolchining o'zidan izohlarni kutish niyatida.