Vodiy derbisi Braziliya telekanalida jonli efirda namoyish etildi
FC NEFTCHI ↗ ●●●●● Umumiy 👁 7

Vodiy derbisi Braziliya telekanalida jonli efirda namoyish etildi

Vodiy derbisi nafaqat O‘zbekiston, balki xorij futbol jamoatchiligi tomonidan ham katta qiziqish bilan kuzatildi. Mamlakatimiz futbolining eng murosasiz qarama-qarshiliklaridan biri yana bir bor o‘zining yuqori atmosferasi, muxlislar faolligi va maydondagi keskin kurashi bilan xalqaro auditoriya e’tiborini tortdi.

Ahamiyatlisi, Braziliyaning xususiy internet telekanali MatchdayTV o‘z faoliyati davomida ilk bor O‘zbekiston Superligasi uchrashuvini jonli efirda namoyish etdi. Vodiy derbisini braziliyalik sharhlovchi Lucas Vinísius de Souza sharhlab bordi. Jonli efir Braziliya bilan bir qatorda Janubiy Amerikaning boshqa davlatlaridagi futbol ixlosmandlari tomonidan ham kuzatildi.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston futboliga, xususan, Superligamizga bo‘lgan xalqaro qiziqish tobora ortib bormoqda. Ayniqsa, to‘la stadionlar, yorqin muxlislik muhiti va keskin raqobatga boy uchrashuvlar xorijiy futbol ixlosmandlari e’tiborini o‘ziga jalb qilmoqda. Vodiy derbisining Janubiy Amerikada namoyish etilgani ham buning yaqqol isbotidir.

Bunday translyatsiyalar O‘zbekiston Superligasining xalqaro maydondagi nufuzini oshirish, klublarimizni kengroq auditoriyaga tanitish va futbolchilarimizning salohiyatini dunyoga namoyish etish yo‘lida muhim ahamiyat kasb etadi. Xususan, Neftchi kabi tarixga ega klublarning xorij auditoriyasi oldida namoyon bo‘lishi o‘zbek futbolining xalqaro imijini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Ishonamizki, bunday tashabbuslar kelgusida ham davom etadi va O‘zbekiston Superligasi uchrashuvlari dunyoning yanada ko‘proq mamlakatlarida jonli efir orqali namoyish etiladi.

Ulashish

Izohlar (0)

Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!