🔵 Maksans Lakruaning «Chelsi»dagi ilk intervyusi [1-qism]:
«Chelsi»ga o'tish borasidagi his-tuyg'ulari haqida:
«His-tuyg'ular juda ko'p. Men ushbu ajoyib loyihaning bir qismi bo'lganimdan juda faxrlanaman va baxtliman. Maydonga tushishni sabrsizlik bilan kutyapman».
Xabi Alonso bilan suhbatlari haqida:
«Ha, biz telefon orqali gaplashdik. Taktik jihatlar, uning futboldagi qarashlari va jamoa o'yinini qanday qurmoqchiligi haqida fikr almashdik. Eng muhimi, u bilan aynan futbol haqida gaplashish juda yoqimli bo'ldi. Bizning qarashlarimiz va klubga bo'lgan intilishlarimiz bir xil ekanligini darhol tushundim».
Xabi Alonso bilan ishlashni boshlash haqida:
«Rostini aytsam, juda xursandman. Ham yigitlarni, ham uni ko'rishimdan, lekin eng muhimi — mavsum boshlanayotganidan. Chunki men bu yerda yangi tarix sahifasini yozishimiz kerakligini his qilyapman va men buning bir qismiman, bu juda ajoyib».
Transfer rasmiylashgach, birinchi bo'lib kimga qo'ng'iroq qilgani haqida:
«Birinchi bo'lib do'stimga qo'ng'iroq qildim. U «Chelsi» muxlisi. Har safar mening transferim haqida mish-mishlar chiqqanda, u: «Nimalar bo'lyapti? Nima gaplar?», deb so'rayverardi. Men esa hech narsa deya olmasdim, tushunasizmi. Shuning uchun unga qo'ng'iroq qilib: «Mayli, «Chelsi»ga o'tayotganimni birinchi bo'lib sen bilasan», dedim».
Oila va yaqinlarining qo'llab-quvvatlashi haqida:
«Oila men uchun hamma narsa. Albatta, Xudo bilan birga. Onamning ko'zlaridagi faxrni ko'rdim, rafiqamni va uzoq vaqtdan beri meni qo'llab-quvvatlab kelayotgan barcha insonlarni ko'rdim. Bu katta qadam va men shu lahzaga yetib kelish hamda dunyoning eng katta klublaridan birida o'ynashdek muhim qadamni tashlash uchun doimo mehnat qilganman. Bundan faxrlanaman».
E'tiqodning hayotidagi o'rni haqida:
«Men uchun e'tiqod — bu hamma narsa. Men nasroniy oilasida o'smaganman, lekin bir necha yil oldin Iso bilan uchrashdim va hayotim butunlay o'zgardi. Bu ajoyib yo'l bo'ldi. Albatta, bu yo'l hali tugamadi, lekin u hayotimning poydevoriga aylandi. Bu menga har kuni, har bir lahzada yordam berdi, chunki futbolda ba'zida ko'tarilishlar va pasayishlar bo'ladi, shuning uchun faqat odamlarga emas, balki boshqa narsaga ham tayanib turish juda muhim».
«Iso men uchun barcha savollarga javob bo'ldi va avval duch kelgan barcha qiyinchiliklarni yengib o'tishimga yordam berdi. Aynan shuning uchun men U bilan birga bu yo'ldan borayotganimdan baxtliman».
«Chelsi»dagi jamoadoshlari haqida:
«Bu yerda fransuz tilida gaplashadigan yigitlar ko'p. Men Malo bilan ham, Trevo bilan ham o'ynaganman. Lekin, rostini aytsam, shunchaki hamma bilan tanishishni istayman. Jamoada bor bo'lgan futbolchilarning saviyasini ko'rish juda hayajonli deb o'ylayman».
Muxlislarga va'dasi haqida:
«Eng avvalo, ular men ushbu emblema va klub uchun borimni berishimni bilishlari kerak. Bu eng muhimi. Ha, menda ma'lum sifatlar bor, lekin birinchi kundan oxirgi kungacha aytishim mumkin bo'lgan narsa shuki, men bu klub dunyodagi eng yaxshilaridan biri ekanligini isbotlash va ko'rsatish uchun qo'limdan kelgan barcha ishni qilaman».
Izohlar (0)
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring.
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!