«Real Madrid» mavsumoldi tayyorgarlikni Ispaniyada o'tkazadi. Jamoa mashg'ulotlari 13-iyuldan boshlanadi, Endrik va Vinisius esa 28-iyulda qaytadi.
AS xabariga ko'ra, «Real Madrid» mavsumoldi o'rtoqlik o'yinlarini Ispaniyadan tashqarida o'tkazmaydi. Jamoa tayyorgarlikni to'liq klub bazasi — Valdebebasda olib boradi.
Mavsumoldi mashg'ulotlar boshlanadigan 13-iyul kuni Mourinyu ixtiyorida asosiy tarkibning atigi 8 nafar futbolchisi bo'ladi: Lunin, Trent, Xausen, Asensio, Karreras, Kamavinga, Gonsalo va Mastantuono.
Militao, Mendi va Rodrigo esa jarohatdan tiklanish jarayonini davom ettirishadi. Jamoaning ilk mashg'uloti o'sha kuni Toshkent vaqti bilan soat 20:00 da boshlanadi.
El Chiringuito xabariga ko'ra, Endrik va Vinisius «Real» safiga 28-iyul kuni kelib qo'shilishadi.
Rodrigo xochsimon bog'lamlaridagi jarohat va tiklanish jarayoni haqida gapirdi. Vinger dekabr oyida maydonga qaytishi kutilmoqda.
Rodrigo:
Xochsimon bog'lamlarim uzilganidan buyon o'tgan 3,5 oy davomida turli qiyinchiliklarni boshdan kechirdim. Shunday kunlar bo'ldiki, juda kuchli og'riqni his qildim. Bu juda og'ir edi. Hayotimda duch kelgan eng yomon holat shu bo'ldi.
Ba'zida uyg'onganingda o'zingni tetik his qilib, maydonga tushishga tayyordek tuyulasan, ba'zida esa umuman kuching bo'lmaydi. Qanday bo'lmasin, bilamanki, bu jarohatdan tiklanish jarayoni safga qaytganimda meni yanada kuchliroq qiladi.
Hozir o'zimni juda yaxshi his qilyapman. Tiklanish jarayonidagi muvaffaqiyatlarimdan mamnunman, chunki har kuni o'zimni yaxshiroq his qilyapman. Bu jarayon katta sabr talab qiladi. Men yaxshiman va xursandman. Tiklanishim bo'yicha barcha hisobotlar ijobiy natija bermoqda.
OAV xabarlariga ko'ra, 25 yoshli vinger dekabr oyida safga qaytadi.