Real Madrid Negreyra ishi bo'yicha Barselonaga qarshi kurashni davom ettirmoqda
Real Madrid Negreyra ishi bo'yicha Barselonaga qarshi sud va UEFA orqali bosimni kuchaytirmoqda. Klub kataloniyaliklarni sovrinlardan mahrum qilishni talab qilmoqda.
📰 AS xabariga ko'ra, Real Madrid Negreyra ishi bo'yicha tergovni oxirigacha yetkazish niyatida. Klub bu masala ustida ham UEFA, ham sud organlari orqali ishlamoqda.
Shu sababli, yaqinda Madrid klubi sudga murojaat qilib, Barselonadan 2010-yildan 2018-yilgacha bo'lgan davrdagi barcha to'lovlar hisobotini taqdim etishni talab qildi. Madridliklar kataloniyaliklar klubida korrupsiyaga qarshi mexanizmlar mavjud bo'lganmi va ular amalda qo'llanilganmi yoki yo'qligini bilmoqchi.
Bundan tashqari, Madrid klubi Ispaniya Fuqarolik gvardiyasidan Tresep, Radamanto va Best Norton kompaniyalari bilan bog'liq hisob-fakturalar, to'lov topshiriqnomalari, to'lovlarni ichki tasdiqlash hujjatlari va audit yozuvlarini so'radi.
Aynan shu kompaniyalar orqali Barselona Hakamlar texnik qo'mitasi (CTA) sobiq vitse-prezidenti Negreyra va uning o'g'liga tegishli firmalarga pul o'tkazgan.
Real Madrid, shuningdek, UEFAga murojaat qilib, ko'k-anorranglilarni Negreyra ishi davrida qo'lga kiritilgan barcha sovrinlardan mahrum qilishni so'radi. Klubning yuridik bo'limi ushbu ish bo'yicha yakuniy qaror qabul qilinishi uchun barcha mavjud sport va huquqiy mexanizmlardan foydalanadi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Madrid va Barselona o'rtasidagi munosabatlar qaytmas nuqtaga yetib keldi.