Jon Galantik «Roma» klubining yangi bosh direktori etib tayinlandi
Fridkinlar oilasi «Roma» klubi boshqaruvini Jon Galantikka ishonib topshirdi. U klubning yangi bosh direktori etib tayinlandi.
Fridkinlar oilasi «Roma» klubi operativ boshqaruvini Jon Galantikka ishonib topshirdi. Futbol olamidan yiroq bo'lishiga qaramay, u xalqaro boshqaruv sohasida juda nufuzli tajribaga ega mutaxassis hisoblanadi. AQSH va Shveysariya fuqarosi bo'lgan Galantik dunyoning eng yirik brendlarida ishlagan.
Tufts universitetini tamomlab, Garvardda magistrlik darajasini olgan menejer o'z faoliyatini Procter & Gamble kompaniyasida boshlagan, keyinchalik GlaxoSmithKline va Coty kompaniyalarida rahbarlik lavozimlarida ishlagan. Uning eng katta yutug'i «Chanel» moda uyida o'n olti yil davomida prezident va bosh operatsion direktor sifatida ishlagani bo'ldi. 2024-yilda Diyego Della Valle uni Tod's Group bosh direktori etib tayinlagan edi. Shuningdek, u so'nggi yillarda Ferrari, Bacardi va «Roma» direktorlar kengashi a'zosi bo'lgan.
U Trigoriya uchun begona emas. Galantik «jallorossi»ni yaxshi biladi va egalari uni klubning ikkinchi asrida boshqarish uchun ideal nomzod deb hisoblaydi. Fridkinlar oilasi uni «umrbod romanista» deb atab, uning shaharga bo'lgan muhabbatini va klubni chuqur tushunishini alohida ta'kidladi. «Roma» futbol tajribasiga ega direktor o'rniga global kompaniyalarni boshqarishga o'rgangan menejerni tanladi. Maqsad — korporativ tuzilmani mustahkamlash, brendni rivojlantirish va klubni yangi bosqichga olib chiqish.