Cadena SER xabariga ko'ra, Arsenal Vinisiusni qo'lga kiritish uchun bor imkoniyatini ishga soladi. Agar transfer uchun yashil chiroq yonsa, londonliklar braziliyalik futbolchini Yevropadagi eng ko'p maosh oluvchi o'yinchilardan biriga aylantirishga tayyor.
Kelasi hafta 26 yoshli vinger mavsumoldi tayyorgarligini boshlash uchun Madridga qaytadi. Shu bilan birga, uning vakillari klub bilan shartnomani uzaytirish bo'yicha muzokaralarni davom ettiradi. Mourinyu Vinisiusning jamoada qolishini istamoqda. Ammo Arsenal vaziyatni diqqat bilan kuzatmoqda.
AS ma'lumotiga ko'ra, ham Real Madrid, ham Vinisius shartnomani uzaytirishni istaydi. Futbolchi yiliga 18 million yevro atrofida maosh olishi mumkin edi, ammo u 20 million yevro talab qilmoqda. Shu sababli muzokaralar to'xtab qolgan, tomonlar yon berishni istashmayapti. Bundan tashqari, so'nggi oylarda Vinisius klubning Xulian Alvares va Maykl Olise kabi futbolchilarga bo'lgan qiziqishi sabab o'zini qadrsizlangandek his qilgan. Shunga qaramay, yakunda braziliyalik futbolchi Madrid bilan shartnomasini uzaytirishi kutilmoqda.
Pikon (sobiq Relevo jurnalisti) xabariga ko'ra:
Vinisius Madridda qolishni istaydi. Futbolchiga yaqin manbalarning ta'kidlashicha, hozircha hech qanday klub u bilan bog'lanmagan.
Real Madrid esa vinger bilan shartnoma muddati tugashiga bir yil qolgan holda yangi mavsumga kirishishdan boshqa variant yo'q deb hisoblamoqda. Madridliklar futbolchi bilan mavsum davomida yangi bitim imzolanishini istisno etmayapti, biroq klub o'z taklifini yaxshilashni rejalashtirmayapti. Shu bois, Real Madrid Vinisiusning vakillariga, agar futbolchi jamoani o'zgartirishni istasa, klub uni yozda sotishga tayyorligini ma'lum qilgan.
Ronsero (AS gazetasi direktor o'rinbosari) fikricha:
Umid qilamanki, Diomande transfer qilingan taqdirda ham Vinisius Madridda qoladi. Ammo men sodda emasman. O'ylashimcha, Diomandening kelishi Vinisiusning ketishini anglatadi.
Izohlar (0)
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring.
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!