Krisensio Sammervill «Roma» hujum chizig'i uchun asosiy nishon bo'lib qolmoqda. Biroq, tomonlar o'rtasidagi muzokaralar hozircha boshi berk ko'chaga kirib qoldi.
Gazzetta dello Sport xabariga ko'ra, asosiy muammo futbolchining maoshi bilan bog'liq. Dastlab Sammervill yiliga 6,5 million yevro talab qilgan bo'lsa, keyinchalik bu summani 6 million yevroga tushirdi. Biroq, bu raqam hamon «Roma» belgilagan maoshlar chegarasidan (4-4,5 million yevro) yuqori. Futbolchi hali yakuniy javobni bermadi. Niderlandiyalik futbolchi Premer-ligadan takliflar kutmoqda, xususan, «Aston Villa» unga qiziqish bildirmoqda. Agar Angliyadan taklif tushmasa, Sammervill «Roma» variantini ko'rib chiqishi mumkin. Shundagina D'Amiko «Vest Xem» bilan haqiqiy muzokaralarni boshlaydi.
Biroq, ingliz klubi bilan ham vaziyat murakkabligicha qolmoqda. 45 million funt sterling (taxminan 53 million yevro) miqdoridagi tovon puli oyi oxirigacha amal qiladi. «Roma» bu summani to'lash niyatida emas, chunki barcha to'lovlar bir yo'la amalga oshirilishi kerak. «Trigoriya»da 40 million yevro va bonuslar evaziga «Vest Xem»ni ko'ndirish mumkinligiga umid qilishmoqda. «Roma» o'zi uchun qat'iy muddat belgiladi: klub dushanbagacha kutadi, boshqa manbalarga ko'ra, javob 22-iyulgacha olinishi kutilmoqda. Har holda, yaqin kunlar bitim yakunlanishi yoki D'Amiko ro'yxatdagi boshqa nomzodlarga e'tibor qaratishi kerakligini aniqlashtirib beradi.
Izohlar (0)
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring.
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!