Balogunning qizil kartochkasini Tonga va Taiti huquqshunoslaridan iborat qo‘mita «muzlatib qo‘ydi»
Good Sport ↗ ●●●●● Umumiy 👁 29

Balogunning qizil kartochkasini Tonga va Taiti huquqshunoslaridan iborat qo‘mita «muzlatib qo‘ydi»

Balogunning qizil kartochkasini Tonga va Taiti huquqshunoslaridan iborat qo‘mita «muzlatib qo‘ydi». FIFA sudi qanchalik real mustaqil?

Kimlar qaror qabul qildi. FIFA Tartib-intizom qo‘mitasiga BAAlik huquqshunos, Amirliklarning Federal milliy kengashi sobiq a’zosi Muhammad Al-Kamali raislik qiladi. O‘rinbosari — Kolumbiya Konstitutsiyaviy sudining sobiq sudyasi Xorxe Palasio. Keyingi tarkib xuddi chuqurlashtirilgan geografiya darslaridan olingandek: Taitidan Arno Dyumon, Tongadan Lord Veexala, Togodan Kossi Gi Akpovi, Vyetnamdan Nguen Txi Mi Zung, Trinidad va Tobagodan Robert Xadad. Apellyatsiya qo‘mitasida ham xuddi shu manzara: Papua-Yangi Gvineya, Fiji, San-Tome, Botsvana hamda Terks va Kaykos orollari huquqshunoslari.

Muhim jihati: qo‘mita kamida uch nafar a’zo ishtirokida kvorum yig‘ilganda (yoki rais tomonidan yakka tartibda) qaror qabul qilish huquqiga ega, shuning uchun hammaning yig‘ilishi shart emas. Demak, qaror mütlaqo Taiti, Tonga yoki Vyetnam vakillari tomonidan qabul qilingan bo‘lishi shart emas, lekin rasman buni inkor etib bo‘lmaydi.

Shunday bo‘lsa-da — nega bunday rang-barang tarkib? Ular qanday tanlab olinadi?

1-qadam: FIFA Kengashi (37 kishi — prezident va konfederatsiyalar vakillari) har bir sud organida har bir konfederatsiya qanchadan o‘rin olishini belgilaydi.

2-qadam: nomzodlar konfederatsiyalar tomonidan Kongressdan kamida to‘rt oy oldin bosh kotibiyatga taqdim etiladi.

3-qadam: har bir nomzod FIFAning maxsus komissiyasi — Boshqaruv, audit va komplayens qo‘mitasining quyi qo‘mitasi tomonidan tekshiriladi. Ularning malakasi, mustaqillik mezonlari, biografiyasi tozaligi ko‘rib chiqiladi.

4-qadam: yakuniy nomzodlarni Kongressga saylash uchun aynan FIFA Kengashi olib chiqadi — bu ustavning to‘g‘ridan-to‘g‘ri normasi. Ya’ni, oxirgi filtr va byulletenga familiyani kiritish huquqi — FIFA rahbarlarida.

Raqobat bormi? Yo‘q. Ovoz berish yagona paket holatida o‘tadi, muayyan nomzod bo‘yicha alohida ovoz berish esa faqat kamida o‘nta federatsiya talab qilgandagina amalga oshishi mumkin. Amaliyotda zal moliyaviy hisobot va Infantinoning nutqi oralig‘ida tayyor ro‘yxatni shunchaki ma’qullab (shtamplab) beradi. Barcha real saralash — Kongressga qadar, kvotalar taqsimlanayotganda va Kengashda ro‘yxat tuzilayotganda hal bo‘ladi.

Prezident ta’sir o‘tkazadimi? Rasman Infantino — 37 tadan bitta ovozga ega. Amalda esa — u Kengashda ham, Kongressda ham raislik qiladi, Kengash ishini muvofiqlashtiradi, uning a’zolarining aksariyati esa siyosiy va moliyaviy jihatdan Syurixga bog‘langan konfederatsiya va federatsiya prezidentlaridir. Bunday Kengash orqali Infantinoga yoqmaydigan nomzod o‘tkazish — fantastika janridan.

Masalan, 2017-yilda aynan Infantinoning taklifi bilan Kengash FIFA ichidagi yuzlab korruptsiya ishlarini tergov qilayotgan qo‘mita rahbarlari Xans-Yoaxim Ekkert va Kornel Borbelini qayta saylanish ro‘yxatiga kiritmagandi. Ular bilan birga qo‘mitaning 13 a’zosidan 11 nafari ham uchib ketgan.

Bu yerda muhim jihati, qo‘mita tarkiblari to‘rt yilga saylanadi, bir a’zo uchun maksimal muddat — uch muddat, ya’ni sud organlaridagi eng yuqori chegara 12 yil.

Nega aynan mitti davlatlar? Paradoks, ammo Fiji yoki Taitidan bo‘lgan huquqshunos uchun mustaqillik mezonlaridan o‘tish osonroq. Uning top-klublar va agentliklar bilan aloqasi yo‘qligi kafolatlangan. Biroq masalaning ikkinchi tomoni ham bor — kichik federatsiyalar FIFA grantlari hisobiga yashaydi, shuning uchun butunlay Syurixga qaram bo‘lgan assotsiatsiyadan chiqqan huquqshunosning mustaqilligi — juda nisbiy tushuncha. Garchi bu FIFA sud organlarining barcha a’zolariga tegishli bo‘lsa ham.

Endi bularning barchasiga FIFA sud organlari a’zolari o‘z ishlari uchun pulni... FIFAning o‘zidan olishini qo‘shing. Masalan, ushbu yo‘nalishdagi umumiy xarajatlar 2025-yilda $4.35m dollarni tashkil etdi, bunga mehnat haqi, kunlik xarajatlar, yo‘l/transport, yashash va ovqatlanish kiradi. Masalan, faqatgina tartib-intizom va apellyatsiya qo‘mitalari raislarining (Muhammad Al-Kamali va Nil Egglston) yillik daromadi $160k dollardan bo‘lgan.

🤔 Ya’ni, FIFA sud organlari a’zolarini (ularning bir qismi mitti mamlakatlardan) suhbatdan o‘tkazadi — FIFA, ro‘yxat bo‘yicha tasdiqlaydi — FIFA, maosh to‘laydi — FIFA, vakolatlarini uzaytiradi — yana FIFA.

Lekin «qog‘ozda» — bular butunlay mustaqil organlar bo‘lib, ularga Infantino hech qanday ta’sir o‘tkaza olmaydi emish.

Xa, albatta. 😂

Ulashish

Izohlar (0)

Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!