Anvar G'ofurov ishtirokidagi matbuot anjumani.
Bugungi uchrashuv haqida fikrlaringiz?
Assalomu alaykum. Katta rahmat. Bugun juda qiyin o'yin bo'ldi. Andijon jamoasida murabbiylar almashganidan so'ng ularning natijalari ijobiy tomonga o'zgardi. Biz uchrashuv oson kechmasligini bilgan holda puxta tayyorgarlik ko'rgan edik. O'zimizga xos o'yin uslubimizni namoyish etishga harakat qildik. Futbolda xatolarsiz o'yin bo'lmaydi.
Jamoaning asosiy darvozaboni Davron Merganovning holati qanday?
Hozircha unda bosh chayqalishi alomatlari kuzatilmoqda. Shifokorlar to'liq tekshiruvdan so'ng uning ahvoli bo'yicha aniq xulosa berishadi.
Jamoaning yetakchilari Stefan Chinedu, Artyom Potapov va Nodirxon Ne'matxonovning jamoani tark etishiga nima sabab bo'ldi?
Bu savolga men javob bera olmayman. Har bir futbolchining o'z qarashi va maqsadi bor. Kimdir moliyaviy sabablar tufayli, yana kimdir ko'proq o'yin amaliyotiga ega bo'lish uchun boshqa jamoaga o'tdi. Bu haqda ularning o'zidan so'ragan ma'qul. Bizning vazifamiz esa futbolchilarni har bir uchrashuvga tayyorlashdir. Tarkibimizda iqtidorli yosh futbolchilar bor. Qaysi futbolchi ketishidan qat'i nazar, Surxon o'z yo'lida davom etadi, deb o'ylayman.
Behruz Karimov bugun qaydnomadan ham joy olmadi. Bunga nima sabab?
Bu yil Behruz juda katta yuklama ostida harakat qildi. U qishda umuman dam olmadi. Dastlab o'z yosh toifasidagi terma jamoada, keyinchalik O'zbekiston U-23 terma jamoasi hamda milliy terma jamoa safida ishtirok etdi. Shu sababli unga tiklanishi uchun dam berildi. Katta ehtimol bilan Behruz faoliyatini xorij klubida davom ettiradi. Hozir u tiklanish jarayonida. Uni ham to'g'ri tushunish kerak, chunki u ham inson. Men buni to'g'ri qaror deb hisoblayman.
Bugun jamoa tarkibida maydonga tushgan yosh futbolchilarning o'yinlari haqida qanday fikrdasiz?
Albatta, rejamiz boshqacha edi, biroq birinchi bo'limda darvozabonimizning jarohat olishi ayrim o'zgarishlar qilishga majbur qildi. Yosh futbolchilarga imkoniyat berildi va ular yaxshi harakat qilishdi. Ular vaziyatlardan qay darajada unumli foydalanganiga vaqt baho beradi. Hozircha ularga yakuniy baho berishga hali erta. Eng muhimi, ular o'zlarini ko'rsatishga intilishdi. Menimcha, jamoamiz bugun yaxshi o'yin namoyish etdi.
Izohlar (0)
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring.
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!