#OKMK — yangiliklari

Chap ustun yangiliklari

Surxon uy uchrashuvlarini vaqtincha Olmaliqda o'tkazadi

Surxon uy uchrashuvlarini vaqtincha Olmaliqda o'tkazadi

Surxon klubi Termizdagi stadion maysasi talablarga javob bermagani sababli, uy uchrashuvlarini vaqtincha Olmaliqdagi OKMK stadionida o'tkazadi.

Termiz shahridagi stadion maysasining hozirgi holati qoniqarsiz ekani hamda O‘zbekiston Professional Futbol Ligasi (PFL) tomonidan belgilangan talab va standartlarga to‘liq javob bermasligi sababli, jamoamiz Superliga doirasidagi uy uchrashuvlarini vaqtincha Olmaliq shahridagi OKMK stadionida o'tkazadi.

Klubimiz tomonidan Termizdagi stadion maysasini belgilangan standartlar darajasiga keltirish bo‘yicha tegishli ishlar olib borilmoqda. Stadion PFL talablariga to‘liq mos holatga keltirilgach, jamoamiz o‘z uy uchrashuvlarini yana Termiz shahrida o'tkazishni rejalashtirmoqda.

Asalxon Aminjonova Qozog‘iston chempionatiga ko‘chib o‘tdi

Asalxon Aminjonova Qozog‘iston chempionatiga ko‘chib o‘tdi

O‘zbekiston ayollar milliy terma jamoasi a’zosi Asalxon Aminjonova faoliyatini Qozog‘istonning "Qiziljar" klubida davom ettiradigan bo‘ldi.

O‘zbekiston ayollar milliy terma jamoasi a’zosi Asalxon Aminjonova faoliyatida navbatdagi muhim qadamni tashladi. 19 yoshli futbolchi faoliyatini Qozog‘istonning "Qiziljar" klubida davom ettiradi. Bu transfer nafaqat uning shaxsiy rivojlanishi, balki o‘zbek ayollar futbolining xalqaro maydondagi navbatdagi yutug‘i sifatida ham e’tiborga loyiq.

Asalxon Aminjonova 2007 yil 22 aprel kuni Farg‘ona viloyatining Rishton tumanida tavallud topgan. Uning professional futbolchilik faoliyati 2021 yilda OKMK tizimida boshlandi. O‘sha mavsumda u OKMK U-16 jamoasi bilan O‘zbekiston U-16 chempionatida bronza medallarini qo‘lga kiritdi. Shuningdek, OKMK-2 safida Birinchi liga chempionligini nishonlab, yoshligidanoq jamoaviy muvaffaqiyatlarga munosib hissa qo‘sha oldi.

2022 yildan boshlab Asal OKMKning asosiy jamoasi safida maydonga tusha boshladi. Uning iqtidorli o‘yini ko‘p o‘tmay milliy terma jamoa murabbiylari e’tiborini tortdi va 2023 yilda ilk bor O‘zbekiston ayollar milliy terma jamoasiga chaqirildi. O‘sha yili Xanchjouda o‘tkazilgan Osiyo o‘yinlarida terma jamoamiz tarixiy natija qayd etib, musobaqani to‘rtinchi o‘rinda yakunladi. Aminjonova ham ushbu muvaffaqiyatga hissa qo‘shgan futbolchilardan biri bo‘ldi.

2023 yil Tojikistonda tashkil etilgan U-17 CAFA chempionati esa Asalning faoliyatidagi eng yorqin sahifalardan biriga aylandi. U O‘zbekiston U-17 terma jamoasi bilan musobaqa g‘olibiga aylandi va yuqori saviyadagi o‘yini evaziga turnirning eng yaxshi futbolchisi deb e’tirof etildi.

Iqtidorli futbolchi 2024 va 2026 yillarda O‘zbekiston U-20 terma jamoasi safida Osiyo chempionatida ishtirok etdi. 2026 yilda esa milliy terma jamoamiz bilan kattalar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida ham maydonga tushib, xalqaro tajribasini yanada boyitdi.

Bugun Asalxon Aminjonovaning "Qiziljar" klubiga ko‘chib o‘tishi uning faoliyatidagi yangi bosqichni boshlab bermoqda. Xorij chempionatidagi o‘yinlar yosh futbolchining mahoratini yanada oshirishi, milliy terma jamoamiz uchun esa yanada tajribali va kuchli futbolchi sifatida qaytishiga xizmat qilishi shubhasiz.

Asalxon Aminjonovaga Qozog‘istondagi faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz. Ishonamizki, uning xorijdagi tajribasi o‘zbek ayollar futboli rivojiga xizmat qiladi va Asal hamda uning avlodi vakillari kelajakda O‘zbekiston ayollar milliy terma jamoasini Jahon chempionati sari yetaklaydigan futbolchilar safidan joy oladi.

O'ng ustun yangiliklari

OKMK futzal jamoasi bosh murabbiyi Aleksandr Petrov bilan xayrlashdi
FC OKMK ↗ Umumiy

OKMK futzal jamoasi bosh murabbiyi Aleksandr Petrov bilan xayrlashdi

OKMK futzal jamoasi bosh murabbiyi Aleksandr Petrov bilan tuzilgan mehnat shartnomasi o‘zaro kelishuvga ko‘ra bekor qilindi.

OKMK futzal jamoasi bosh murabbiyi Aleksandr Petrov bilan tuzilgan mehnat shartnomasi tomonlarning o‘zaro kelishuviga ko‘ra bekor qilindi.

Aleksandr Petrov 2014-yildan boshlab to 2026-yilga qadar – salkam 12 yil davomida Olmaliq futzalida samarali faoliyat olib bordi. U jamoamiz rivoji, klub o'yin falsafasining shakllanishi va uning mamlakatning eng yetakchi jamoalaridan biriga aylanishiga munosib hissa qo‘shdi. Tajribali mutaxassis qo‘l ostida jamoamiz ichki arenalarda yuzlab yorqin g‘alabalar va unutilmas tantanalarni taqdim etdi.

Unga ko‘ra, Aleksandr Petrov boshqaruvida jamoa 5 karra O‘zbekiston chempioni, 3 karra kumush medali va 1 bor bronza medali sovrindori, shuningdek, 4 karra O‘zbekiston Kubogi sohibi hamda 3 karra O‘zbekiston Superkubogi sohibi bo‘lgan.

Aleksandr Petrov boshqaruvida OKMK futzal jamoasining qo‘lga kiritgan yutuqlari:
2014/15 — Chempion (Ilk tarixiy chempionlik)
2015/16 — Chempion
2016/17 — Chempion
2016/17 — O‘zbekiston Kubogi sohibi
2018 — Chempion
2018 — O‘zbekiston Kubogi sohibi
2019 — Chempion
2019 — O‘zbekiston Kubogi sohibi
2020/21 — Vitse-chempion
2020/21 — O‘zbekiston Kubogi sohibi
2020/21 — O‘zbekiston Superkubogi sohibi
2021/22 — Vitse-chempion
2021/22 — O‘zbekiston Superkubogi sohibi
2022/23 — Vitse-chempion
2022/23 — O‘zbekiston Superkubogi sohibi
2023/24 — Bronza medali sovrindori

OKMK futbol klubi rahbariyati, jamoamiz a’zolari va minglab sodiq muxlislari nomidan Aleksandr Petrovga ko‘p yillik fidokorona mehnati, tarixiy g‘alabalari va klubimiz taraqqiyotiga qo‘shgan beqiyos hissasi uchun chuqur minnatdorchilik bildiramiz. Biz bilan butun boshli oltin davrni yaratgan qadrli murabbiyimizga mustahkam sog‘lik, oilaviy baxt va kelgusi professional faoliyatida yangi cho‘qqilarni zabt etishini tilab qolamiz!

ISLOHOTLAR VA KELAJAKKA NIGOH

Ta'kidlash joizki, bugungi kunda O'zbekiston futzal federatsiyasi tomonidan e'lon qilingan keng ko'lamli islohotlar fonida mamlakatimiz futzali mutlaqo yangi tizimga o'tmoqda. Unga ko'ra, Oliy liga klublari endilikda alohida mustaqil yuridik shaxs (MChJ) sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tib, to'liq mustaqil boshqaruv va moliyaviy faoliyat tizimiga o‘tadi. Shuningdek, tarkibni 18 nafardan 25 nafargacha cheklash, futzalchilarni uchta aniq toifaga ajratish hamda 2009-yilda tug'ilgan yosh iqtidorlarga muntazam o'yin amaliyoti berish kabi qat'iy talablar joriy etilmoqda.

Aynan mana shu tub yangilanishlar va islohotlar davrida OKMK futzal jamoasi ham o'z taraqqiyotining mutlaqo yangi bosqichiga qadam qo'ymoqda. Klubimiz ushbu zamonaviy talablarga hamohang ravishda o'z boshqaruv tizimini takomillashtirib, yangicha tarkib toifalari va yangilangan murabbiylar shtabi bilan yangi mavsumga hozirlik ko'rmoqda.

Tez orada jamoamizning kelgusi rejalari hamda yangi mavsum oldidan bo'layotgan qizg'in tayyorgarlik jarayonlari haqida batafsil ma'lumot beramiz.