Nikolo Barella: "Inter"da abadiy qolmoqchiman"
Nikolo Barella "Inter"dagi faoliyati, jamoaning kelgusi mavsumdagi maqsadlari va o'z o'yin uslubidagi o'zgarishlar haqida gapirdi.
"La Gazzetta dello Sport" nashri "Inter" vitse-kapitani Nikolo Barella bilan eksklyuziv intervyu tashkil qildi. Quyida suhbatning asosiy qismlari keltirilgan.
-Kivu yig'inlarda qanday talablar qo'ymoqda?
-O'tgan mavsumga nisbatan o'yinimizni yaxshilash. Biz o'tgan mavsumni qaysi nuqtada yakunlagan bo'lsak, o'sha darajada davom etishni, ya'ni eng yaxshi futbolimizni ko'rsatishni istaymiz. Yig'in intensiv o'tmoqda, kimdir yuklamalarni osonroq ko'taradi, kimdir ko'proq charchaydi, kimdir optimal formaga kirish uchun ko'proq vaqt talab qiladi.
-Siz "Inter"da ko'p yildan buyon to'p surasiz. Futbolchi sifatida hozir qaysi bosqichdasiz?
-Bir muncha vaqt oldin o'yin uslubimni o'zgartirdim, chunki tanam yuklamalarga avvalgidek javob bermayapti. Kuchimni taqsimlashda ayyorroq bo'lishga, konservativroq harakat qilishga harakat qilaman. Qanot himoyachilari faol bo'lgan o'yin uslubimiz bunga imkon beradi. "Inter"ga kelganimda 22 yoshda edim, hozir esa 29 ga kirdim.
-Aleks Stankovich "Inter"ga qaytdi.
-U har doim yetuk futbolchi bo'lgan, hozir esa xorijdagi tajribadan so'ng yanada yetuklashdi. U o'z konfor zonasidan chiqib ketdi, ya'ni "Inter"ni tark etdi va juda katta o'sishga erishdi. Mavsum davomida u bizga yordam berishiga ishonchim komil.
-Kelgusi mavsumda qanday maqsadlar sari intilasiz?
-Men "Inter"ga kelganimdan beri, avval Konte, keyin Inzagi va endi Kivu qo'l ostida maqsad har doim bitta – g'alaba qozonish. Yaxshi o'ynagan mavsumlarimiz ham bo'ldi, kamroq muvaffaqiyatli bo'lganlari ham. Kelgusi mavsumda maqsadlar o'zgarmaydi. Farqi shundaki, biz chempionat va Italiya Kubogini yutdik, endi yaxshi natija uchun har ikkala turnirda yana g'alaba qozonish, shuningdek, Superkubokni qo'lga kiritish va albatta, Chempionlar ligasida yaxshiroq ishtirok etish kerak. Qiyin bo'ladi, ko'p kuch talab qilinadi, ammo maqsadlarimiz shunday.
- "Oltin dubl" sharafiga o'zingizga sovg'a qildingiz-mi?
-Ha, bir shisha yaxshi vino sotib oldim, 1999-yilgi Henri Jayer Vosne Romanee Cros Parantoux.
-Fevral oyida 30 yoshga to'lasiz.
- "Inter" tarixida eng ko'p golli uzatma bergan futbolchi bo'lishimni hech qachon o'ylamaganman, lekin bunga erishdim. Vitse-kapitan bo'lishimni ham o'ylamagandim. Biroq, agar so'rashsa, javob beraman – ha, men bunga umid qilgandim. Masalan, "Inter" safida eng ko'p o'yin o'tkazgan futbolchi bo'lishni istardim, lekin buning iloji bo'lmasa kerak. Klubga kelganimda faqat bor kuchimni berishni va hammasini yutishni xohlardim. Yana ham ko'proq foyda keltirishim mumkin edi, ammo erishgan yutuqlarimdan faxrlanaman.
-Demak, faoliyatingizni "Inter"da yakunlamoqchimisiz?
-Ha. Ammo bu qanchalik tez qarishimga bog'liq.