Klinton Mata Chempionlar ligasida o'ynashni orzu qilmoqda
Lion himoyachisi Klinton Mata Chempionlar ligasida yana maydonga tushishni orzu qilmoqda va jamoasiga turnirning asosiy bosqichiga chiqishda yordam bermoqchi.
Chempionlar ligasining birinchi saralash bosqichiga ikki haftadan kamroq vaqt qoldi va Lion mavsumga tayyorgarlikni davom ettirmoqda. Klub kanaliga bergan intervyusida angolalik himoyachi Yevropaning nufuzli klublar turnirida yana maydonga tushishni intiqlik bilan kutayotganini tan oldi.
O'zimizni aldab o'tirmaylik. Bu har bir futbolchining endi futbolga kirib kelayotgan vaqtdagi orzusi. Siz Yevropaning eng yaxshi turnirida ishtirok etishni xohlaysiz.
Bryugge sobiq futbolchisi uchun bu shunchaki orzu emas. Lionga o'tishidan oldin Mata Belgiya klubi safida Chempionlar ligasida 23 ta o'yin o'tkazgan. Endi u xuddi shu hislarni to'qimachilar libosida boshdan kechirishga umid qilmoqda.
Bu aqlbovar qilmas tajriba va men uni yana qayta boshdan kechirishni, ayniqsa Lion bilan Chempionlar ligasida o'ynashni istardim. Menga aytishlaricha, bu yerda, Lionda Chempionlar ligasi o'yinlari o'zgacha ahamiyatga ega.
Mata, shuningdek, jamoaga turnirning asosiy bosqichiga chiqishda yordam berib, klubning ishonchini oqlamoqchi ekanligini ta'kidladi.
Men ushbu vazifani bajarib, klubga javob qaytarmoqchiman, - deya qayd etdi himoyachi, saralash bosqichining ham sport, ham moliyaviy jihatdan qanchalik muhimligini tushungan holda.
Biroq, faqat gapning o'zi yetarli emas. O'tgan mavsumning noaniq yakunidan so'ng, Mataning asosiy tarkibdagi o'rnini kafolatlangan deb bo'lmaydi. Raqobat kuchaymoqda, yangi kelgan Klyuyvert va Kamara esa Paulo Fonseka nazarida himoyadagi kuchlar nisbatini o'zgartirishi mumkin.
Shu bois, angolalik futbolchining yaqinlashib kelayotgan o'rtoqlik o'yinlaridagi chiqishlari diqqat markazida bo'ladi. Lion safidagi so'nggi o'yinlarida uning harakatlarida biroz asabiylik sezilgandi va endi u asosiy tarkibga loyiqligini yana bir bor isbotlashi kerak.