Janluka Nani Umar Sole bilan bog'liq vaziyatga oydinlik kiritdi
Udineze texnik direktori Janluka Nani Umar Solening tizzasida surunkali muammolar yo'qligini va Inter bilan muzokaralar moliyaviy sababga ko'ra to'xtaganini aytdi.
Bugun Unai Gomes, Georgiy Chakvetadze va Mergim Voyvodaning rasmiy taqdimoti chog'ida "Udineze" texnik direktori Janluka Nani Umar Sole atrofidagi vaziyatga oydinlik kiritdi. Uning so'zlariga ko'ra, fransiyalik himoyachida tizza bilan bog'liq hech qanday surunkali muammolar yo'q, "Inter" bilan bo'lgan muzokaralar esa faqatgina moliyaviy sabablarga ko'ra to'xtatilgan.
Eslatib o'tamiz, yoz davomida Umar Sole "Inter"ga o'tishga juda yaqin turgandi. Biroq keyinroq "neradzurrilar" fransiyalik himoyachida 2020-yilda olgan oldingi xochsimon bog'lamlar uzilishi oqibatida yuzaga kelgan bo'g'im tog'ayidagi surunkali muammo borligi sababli kelishuvdan voz kechgani haqida xabarlar tarqalgandi.