O'tgan hafta fransiyalik parlamentariylar professional sportni tashkil etish, boshqarish va moliyalashtirishni tartibga soluvchi qonun loyihasini qabul qilishdi. Qonun yaqin o'n besh kun ichida kuchga kirishi kutilmoqda.
Fransiya futboli uchun bu jiddiy o'zgarish bo'ladi, chunki islohot professional ligalar boshqaruv tizimini butunlay qayta quradi. Qonun FFF vakolatlari asosida ishlaydigan klublar kompaniyasini yaratishga yo'l ochadi. Uning asosiy vazifalaridan biri televideniye huquqlarini sotish bo'ladi.
Islohot mualliflari senatorlar Mishel Saven va Loran Lafon hisoblanadi. Hujjat, shuningdek, telehuquqlardan tushadigan daromadlar taqsimotidagi tafovutni qisqartirishni nazarda tutadi — klublar o'rtasidagi maksimal nisbat 1 ga 3 bo'lishi kerak. Bundan tashqari, islohot fransuz futbolida tez-tez muhokama qilinadigan manfaatlar to'qnashuvini kamaytirishga qaratilgan, xususan, bu "Pari Sen-Jermen" prezidenti va beIN Media Group rahbari Nosir Al-Xelayfiga ham tegishli.
Islohot klublarga egalik qilishning ko'p tomonlama tizimi ustidan nazoratni kuchaytirishni ham nazarda tutadi, biroq uni butunlay taqiqlashmaydi.
Ushbu islohot zarur edi. Endi professional futbolning barcha ishtirokchilari Federatsiya bilan birgalikda Liga 1 va Liga 2 chempionatlarimizning sport va iqtisodiy rivojlanishini ta'minlaydigan ishonch muhitini yaratishlari kerak, — dedi FFF prezidenti Filipp Diallo 21-iyul kuni.
Aynan shu maqsadda u sentyabr oyida barcha manfaatdor tomonlarni yig'ish niyatida. Uchrashuvda Liga 1 (shu jumladan "Lion"), Liga 2 klublari vakillari, LFP rahbariyati, CVC investitsiya fondi hamda fransuz futbolining turli tuzilmalari vakillari ishtirok etadi.
Uchrashuvning asosiy vazifasi yangi tijorat kompaniyasini yaratish ustida ishlashni boshlash hamda uning vakolatlari va Fransiya futbol federatsiyasi bilan o'zaro hamkorligini belgilovchi bitimni tayyorlashdan iborat bo'ladi.
Izohlar (0)
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring.
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!