Eddi Xau:
Klubning barcha o'yinchilari va xodimlari nomidan Kevinning oilasi va do'stlariga chuqur hamdardlik bildiraman. Bu nihoyatda og'ir damlarda sizlarning qayg'uingizga sherikmiz.
Yoshligimda Kevin men uchun ilhom manbai bo'lgan, keyinchalik esa uni o'z do'stim deb atash baxtiga muyassar bo'ldim. Uning maslahatlari va qo'llab-quvvatlashi men uchun juda katta ahamiyatga ega edi.
Men o'zim murabbiy bo'lishimdan ancha oldin, uning «artistlar» jamoasi meni lol qoldirgan. Ular dadil, erkin va yorqin o'ynashardi. Bu futbolchilar odamlarni nafaqat futbolni, balki «Nyukasl»ni ham sevib qolishga majbur qilishgan.
O'sha jamoa Kevinning o'ziga xos aksi edi: ehtirosli, pozitiv, qo'rqmas va g'ayratga to'la inson. Bu ruh shu kungacha klubning bir qismi bo'lib qolmoqda va kelajak avlodlarni ilhomlantirishda davom etadi.
Kevin «Nyukasl» bosh murabbiyi bo'lish qanchalik sharaf va mas'uliyat ekanligini ko'pchilikdan yaxshiroq tushunardi. U har doim tajribasi bilan o'rtoqlashishga, qo'llab-quvvatlashga va maslahat berishga tayyor edi. Buning uchun unga abadiy minnatdor bo'lib qolaman.
«Nyukasl»ni boshqara boshlaganimda, uning qo'llab-quvvatlashi men uchun alohida ahamiyat kasb etdi. Klub uchun qilgan barcha ishlariga qaramay, Kevin meni darhol nihoyatda iliqlik va samimiyat bilan qabul qildi.
Meni eng ko'p uning kamtarligi hayratga solardi. Futbolda barcha narsaga erishib, haqiqiy afsonaga aylangan bo'lsa-da, u hech qachon e'tirof izlamagan. U shunchaki yordam berishni xohlardi, chunki bu klubni va uning tarkibidagi insonlarni chin dildan sevardi.
Kevin bilan har bir suhbatdan keyin yengil tortardim. Uning mehribonligi, hazil tuyg'usi va futbolga bo'lgan cheksiz muhabbati atrofidagilarni ilhomlantirardi. Uning endi oramizda yo'qligini anglash juda og'ir.
Kevinning merosi «Nyukasl»da, uning muxlislarida va u ilhomlantirgan barcha insonlar qalbida abadiy yashaydi.
Barchasi uchun rahmat, Kevin. Joying jannatdan bo'lsin.
Izohlar (0)
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring.
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!